Dejavyu: “bu allaqachon bo‘lgan” degan his qayerdan keladi
Bir lahza o‘tib ketadi-yu, sizda esa u allaqachon xotirangizda turgandek g‘alati tuyg‘u qoladi. Shunday bo‘lganmi? Miyaning ana shu qisqa o‘yini dejavyu deb ataladi.
Ehtimol, quyidagilar siz bilan ham sodir bo‘lgandir:
Suhbat o‘rtasida to‘satdan xuddi shu gapni allaqachon gaplashganingizni his qilasiz. Ba’zan hatto suhbatdoshingiz nima deyishini oldindan bilib turgandek tuyuladi.
Qahvaxonada navbatda turibsiz va bu manzarani ilgari ko‘rgandek bo‘lasiz. Boshqa mijozlar aynan siz “eslagan” joyda turibdi.
Do‘stingizning yangi uyiga birinchi marta borgansiz, lekin xonalarning joylashuvi, yorug‘lik yoki hatto hid sizda bu yerda avval ham bo‘lgandek kuchli tuyg‘u uyg‘otadi.
Agar shulardan biri tanish tuyulsa, maqolani o‘qing: fan dejavyu haqida nima deydi.
Dejavyu nima?
Fransuz tilidan tarjima qilinganda déjà vu “allaqachon ko‘rilgan” degani. Oddiy qilib aytganda, bu aynan shunday vaziyatni o‘tmishda boshdan kechirgandek qisqa tuyg‘u, aslida esa bunday bo‘lmagan. Tadqiqotlarga ko‘ra, odamlarning taxminan 97 foizi hayotida kamida bir marta dejavyuni his qilgan. Ko‘pincha bu bir necha soniyalik tuyg‘u bo‘lib, sizni bir lahzaga to‘xtatib qo‘yadi. Keyin hammasi iziga tushadi.
Ilmiy tilda dejavyu soxta tanishlik tuyg‘usi sifatida ta’riflanadi: miya hozirgi vaziyat yangi ekanini bilib turib ham, uni allaqachon boshdan kechirilgan deb noto‘g‘ri belgilaydi. Uni ko‘pincha xotira illyuziyasi yoki dissotsiativ kechinma deb hisoblashadi, chunki tanishlik hissi yangi ma’lumotni kodlash jarayonidan vaqtincha “uzilib” qoladi.
Miya ichida nima sodir bo‘ladi:
Ilmiy izohlar odatda chakka bo‘lagi (temporal lobe, xotira bilan bog‘liq) va peshona po‘stlog‘idagi (frontal cortex, yuqori darajadagi bilish jarayonlari uchun javob beradi) qisqa “uzilish”ga yoki sezgi ma’lumotlarini qayta ishlashdagi bir lahzalik kechikishga ishora qiladi: aynan shu narsa lahzani avval yashab bo‘lgandek tuyg‘u tug‘diradi. Doktor Xourining tushuntirishicha, dejavyu xotirani eslash va tanishlikni baholashda ishtirok etadigan miya qismlari o‘rtasidagi aloqalar buzilishidan kelib chiqadi. “Bu xotira bilan yangi tajriba orasidagi chegarani xiralashtiradigan nosozlik”, deydi u.
Tadqiqotchilar sababini aniq bilmasa-da, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, dejavyu ko‘proq quyidagilarda uchraydi:
ma’lumot darajasi yuqori bo‘lganlarda
ko‘p sayohat qiladiganlarda
tushlarini eslab qoladiganlarda
Dejavyu turlari:
Jamevyu (jamais vu)
Nature Neuroscience jurnalidagi tadqiqotga ko‘ra, jamais vu dejavyuning aksi hisoblanadi. So‘zma-so‘z “hech qachon ko‘rilmagan” degani: tanish vaziyat yoki odatiy ish birdan begona va g‘alati tuyuladi, xuddi u bilan birinchi marta to‘qnashayotgandek. Odatda kelayotgan sezgi ma’lumotlari saqlangan xotiralar bilan solishtiriladi va bu tanishlik yoki tanib olish hissini beradi. Jamais vu’da esa bu solishtirish qandaydir sababga ko‘ra ishlamay qoladi, natijada notanishlikning vahimali tuyg‘usi paydo bo‘ladi.
Preskvyu (presque vu)
Presque vu “deyarli ko‘rdim” degani. Bu kerakli so‘z, ism yoki fikr til uchida turgandek bo‘lib, qancha urinmang, esga tushmay turgan holat.
Deja reve (déjà rêvé)
“Allaqachon tushda ko‘rilgan” ma’nosini beruvchi déjà rêvé hozirgi voqea tushdagi xotiradek tuyulishini anglatadi: o‘ng bilan tush sirli tarzda bir-biriga qorishib ketadi. Brain Stimulation jurnalidagi tadqiqotga ko‘ra, deja reve uyg‘oq holatda o‘tmishdagi tushga o‘xshash neyron faolligi qayta ishga tushganda yuzaga keladi.
Deja veku (déjà vécu)
“Allaqachon yashab bo‘lingan” ma’nosini beruvchi déjà vécu o‘tmishdagi tajribani mayda tafsilotlarigacha qaytadan yashayotgandek tuyg‘udir; u ko‘pincha kuchli hissiyot va sarosima bilan birga keladi. Cognitive Neuropsychiatry jurnalidagi tadqiqotga ko‘ra, bu keng tarqalgan, ammo g‘alati hodisa hozirgi qo‘zg‘atuvchilar miyaning xotira izlash jarayonlarini ishga solganda paydo bo‘ladi va o‘tmish voqealari xuddi hozir sodir bo‘layotgandek qayta boshdan kechiriladi. Deja veku qanchalik yorqin va ishonarli bo‘lishi hissiy qo‘zg‘alishga, kontekst ishoralariga va sezgi ma’lumotlarining birlashuviga bog‘liq.
Dejavyu inson ongining eng qiziqarli jumboqlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Fan neyron “nosozliklari”ga va miyaning tanishlikni baholash tizimidagi uzilishlarga ishora qiladi, ammo aniq mexanizmlar hali to‘liq ochilgani yo‘q. Bir narsa aniq: dejavyu va unga o‘xshash kechinmalar inson xotirasi naqadar murakkab va hayratlanarli ekanini ko‘rsatadi. Tadqiqotlar davom etar ekan, tanishlikning har bir g‘alati uchquni bizni xotira va ong qanday ishlashini tushunishga yaqinlashtirishi mumkin.
Manbalar:
Travers, M. (2024) A psychologist shares 4 new types of déjà vu. Forbes. 15 February. Available at: https://www.forbes.com/sites/traversmark/2024/02/15/a-psychologist-shares-4-new-types-of-dj-vu/ (Accessed: 1 October 2025).
O’Connor, A.R. and Moulin, C.J.A. (2010) ‘Recognition without identification, erroneous familiarity and déjà vu’, Cognitive Neuropsychiatry, 15(1–3), pp. 322–347. Available at: https://www.tandfonline.com/doi/abs/10.1080/13546800903113071 (Accessed: 1 October 2025).
Adachi, N., Akanuma, N., Adachi, T. and Takekawa, Y. (2018) ‘Types and characteristics of déjà experiences in patients with epilepsy’, Epilepsy & Behavior, 86, pp. 118–123. Available at: https://linkinghub.elsevier.com/retrieve/pii/S1935861X18300792 (Accessed: 1 October 2025).
Brown, A.S. (2003) A review of the déjà vu experience. Available at: https://citeseerx.ist.psu.edu/document?repid=rep1&type=pdf&doi=cb27db0ba160b411a3c0b8d99f8dc56c6df26595 (Accessed: 1 October 2025).
Izohlar
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish