Nega travma xotirasi unutilmaydi, ba'zan esa umuman esga tushmaydi?
Ruhiy salomatlik Maqola

Nega travma xotirasi unutilmaydi, ba'zan esa umuman esga tushmaydi?

Zebiniso Umurzoqova 16 Jul, 2026 7 daqiqa o‘qish

Nega travmatik xotiralar unutilmaydi va ba'zan esga tushmaydi ham? 

Hammamiz eshitganmiz: vaqt har qanday yarani davolaydi, deyishadi. Ammo bolaligi travma bilan shakllangan, yetarlicha kuchli stress boshdan kechirgan odamlar uchun vaqt boshqacha ishlaydi. Ba'zi xotiralardan qochib bo'lmaydi: ular betiga bostirib kirib, tinimsiz o'ylashga majbur qiladi. Boshqalari esa go'yo butunlay yo'qolib, ong tubidagi qandaydir burchakka qulflanib qoladi, xuddi hech narsa bo'lmagandek. Mana shu savol travmatik hayotning nevrologik va ruhiy tomonini ochib beradi.

Avlodlararo "muqarrarlikni" chetga qo'yib aytganda, travma o'zi nima?

 Travma - inson uchun kuchli qo'rquv, ojizlik, dissotsiatsiya, aql chalkashligi yoki boshqa og'ir kechinmalarni keltirib chiqaradigan, va bu ta'sir inson qarashlari, xatti-harakati hamda hayotining boshqa jabhalariga uzoq muddat salbiy iz qoldiradigan har qanday og'ir tajriba. Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, travmalarning aksariyati inson o'sish davrida, odatda bolalikdan o'smirlik yoshi tugagunga qadar shakllanadi. Og'ir travmatik tajriba boshidan kechirgan odamlarda ko'pincha PTSD (travmadan keyingi stress buzilishi) deb ataladigan holat rivojlanadi. Bu xavf allaqachon o'tib ketgan bo'lsa-da, davom etadigan uzoq muddatli iztirob natijasida yuzaga keladi va bezovta qiluvchi xotiralar yoki fleshbeklar, travmani eslatuvchi narsalardan qochish, kayfiyat va fikrlashdagi salbiy o'zgarishlar hamda doimiy hushyorlik holatida namoyon bo'ladi. 

Xo'sh, nega bu xotiralar aynan "travmatik" deb ataladi?                                                          

Travmatik xotiralar shu qadar og'ir kechadiki, chunki miya ularni oddiy xotiralardan boshqacha tarzda saqlaydi va qayta tiklaydi. Kuchli stress paytida miya mantiqiy fikrlashdan ko'ra omon qolishni ustuvor qo'yadi, natijada parcha-parcha va his-tuyg'ularga to'yingan xotiralar shakllanadi, ular voqeadan yillar o'tib ham biror hid, tovush yoki tasvirdan qayta uyg'onishi mumkin. Buni chuqurroq tushunish uchun nevrologiyaga murojaat qilamiz!

Travmatik stress reaksiyasi paytida miya va butun asab tizimi tahdidga qarshi kurashish uchun bir qancha neyrofiziologik jarayonlarni ishga soladi. Miyamizda quyidagilar sodir bo'ladi:

Travma paytida miya avtomatik ravishda mantiq va tafakkur bilan bog'liq ishni cheklaydi. Shu sababli mantiq va aql markazi hisoblangan prefrontal korteks omon qolish rejimiga o'tadi. 

Shundan so'ng miyaning "qo'rquv markazi" bo'lgan amigdala haddan tashqari faollashadi, bu esa xavf hissini kuchaytiradi va organizmni doimiy hushyorlik holatiga olib keladi. Ushbu ortiqcha qo'zg'alish tufayli amigdala xavfni hatto xavfsiz vaziyatlarda ham his qila boshlaydi. Adrenalin ko'tarilishi amigdalani yanada qo'zg'atadi, natijada alohida sezgi parchalari - ko'rgan tasvir, hid, tovush yoki jismoniy tuyg'u - o'ta yorqin tarzda xotirada muhrlanib qoladi.

Kuchli hissiyotlar va to'xtovsiz oqib keluvchi fikrlar gippokampning ishlashini izdan chiqaradi, aslida u voqea tafsilotlarini va ularning ketma-ketligini saqlashga mas'ul. Gippokamp shu tarzda ishdan chiqqanda, xotirada faqat parcha-parcha lahzalar qoladi: bir tasvir, bir qichqiriq, ba'zi mayda detallar, lekin yaxlit voqea emas. 

Nega ko'pincha o'z travmatik tajribamizni eslay olmaymiz?

Travmatik xotira miyada qanday shakllanishini ko'rib chiqdik. Ammo miya odatdagi holatiga qaytganda, u bizni himoya qilish uchun ishlay boshlaydi. Aynan shu jarayonda "holatga bog'liq o'rganish" (state-dependent learning) deb ataladigan mexanizm ong uchun yetib bo'lmaydigan xotiralar shakllanishida rol o'ynaydi, deb hisoblanadi. Bu hodisaning mohiyati shundaki, ma'lum bir ichki holatda o'rganilgan ma'lumot yoki xulq-atvor xuddi o'sha holatga qaytilganda eng yaxshi eslanadi yoki qayta namoyon bo'ladi. Demak, biz travma iztirobidan chiqib, odatdagi holatga qaytganimizda, o'sha xotiralar yashirin holicha qolishi mumkin. Xotiraning yetib bo'lmasligi ikki turga bo'linadi: tasodifiy va ataylab unutish.

Tasodifiy unutish - miyadagi xotira tizimi, xususan odatda voqealarni aniq xronologiyaga tizib qo'yadigan gippokamp, haddan tashqari zo'riqish tufayli to'g'ri ishlamay qolganda yuz beradi. Natijada voqeadan faqat parchalar qoladi va ularni keyinchalik eslash qiyinlashadi. 

Ataylab unutish esa aksincha, prefrontal korteks (miyaning fikrlash bo'limi) o'zini himoya qilish maqsadida og'riqli xotiralarni bosib qo'yishga kirishganda yuz beradi. Travmani boshdan kechirganlar ko'pincha bu haqda o'ylamaydi yoki gapirmaydi, vaqt o'tishi bilan esa tafsilotlar tobora yetib bo'lmas bo'lib qoladi. Bu ikki mexanizm birgalikda ba'zi travmatik tajribalarning ongli xotiradan asta-sekin xiralashib borishiga sabab bo'ladi, garchi amigdala (miyaning signal tizimi) hissiy zaryadni saqlab qolishi mumkin bo'lsa-da, va tana bostirilgan xotirani qo'zg'atadigan biror narsaga duch kelganda kuchli reaksiya beradi.

Travmatik xotira qayta uyg'onganda tanamiz va ruhiyatimiz qanday moslashadi?

Bolaligida qattiqqo'l ota-onasi tomonidan jismonan jazolanib o'sgan bolani tasavvur qilaylik. Vaqt o'tib u kattaga aylanadi, ammo o'zini erkin ifoda eta olmaydi, doimo hushyor va ota-onasining harakatlaridan cho'chib yashaydi, ichida shubha-gumonlar bilan yuradi. Kattalar hayotida esa boshqalar bilan gaplashganda yoki yangi odamlar bilan yaqinlashishga uringanda, unda birdan fleshbeklar paydo bo'ladi. Miyasi travmani boshidan kechirgan paytdagi yorqin manzaralarni qayta ko'rsatadi. Bunga javoban u yangi tanishuvlardan yoki jiddiylashishi mumkin bo'lgan har qanday munosabatlardan chetlashishga moyil bo'ladi.

Ushbu misoldan shunday xulosa chiqarish mumkin: travmatik xotiralarga doimo murojaat qilmasak-da, miya yana o'sha travmatik holatga tushib qolganda ular qayta boshlanadi. Xotira bizga o'shanda nima bilan tugagani haqida eslatib turadi, biz esa qarorlarimizni shu asosda qabul qilamiz.

Eng dolzarb muammolardan biri: bolalik travmasi va undan tuzalish

Zo'ravonlikni boshdan kechirgan bola faqat jismonan jabr ko'rmaydi, travmaning turli shakllari uning xatti-harakati va hissiy reaksiyalariga ta'sir qiladi. Ko'pincha bolalar o'z his-tuyg'ularini tushunish, aniqlash va sog'lom tarzda boshqarishda qiynaladi. Travmani eslatuvchi vaziyatlarga duch kelganda, bola hissiy reaksiyasini nazorat qila olmasligi mumkin, bu esa keskin g'azab portlashlari yoki depressiv holatlarga olib keladi. Bunday reaksiyani oldindan bilib bo'lmaydi va ko'pincha u aynan o'sha travmani eslatuvchi narsadan qo'zg'aladi.

Bunday og'ir holatlar bolaning o'rganish qobiliyatiga va boshqalar bilan munosabat o'rnatishiga ham ta'sir qiladi. Masalan, maktabda travma olgan bola topshiriqlarni bajarishda va tengdoshlari bilan muloqotda ko'proq qiyinchilikka duch keladi. Travma fikrlash va o'rganish jarayonlariga ham ta'sir qiladi: bunday bola kelajakni rejalashtira olmasligi, yangi bilim va ko'nikmalarni egallashda qiynalishi yoki oddiy vaziyatlarda ham xotirjam fikrlay olmasligi mumkin. 

Travma oqibatlarini qanday kamaytirish mumkin?

Avvalo, yodga meditatsiya, o'z-o'ziga g'amxo'rlik va ichki refleksiya keladi, ammo bunday murakkab muammo oldida bu usullarning o'zi ko'pincha yetarli qo'llab-quvvatlash va samaradorlikni bera olmaydi. Inson o'z ahvolini mustaqil yaxshilashga urinishi mumkin, biroq mutaxassis yordamisiz bunday urinishlar ko'pincha natija bermaydi.

Shifokorga murojaat qilish-chi? Psixolog yoki terapevt bolalikdagi travmani chindan ham davolashning kam sonli yo'llaridan biri. Ammo bunday yordam xavf ostidagi odamda hatto bo'lmasligi mumkin bo'lgan mablag' talab qiladi. Bundan tashqari, terapevtga borish hissiy jihatdan ham oson emas: begona odam oldida ochilib gapirish bolalikda zo'ravonlik ko'rgan inson uchun eng katta to'siqlardan biri bo'lishi mumkin. 

Endi travma oqibatlarini kamaytirishning bir necha samarali usuliga to'xtalaylik

Somatik terapiya - tanaga va hissiyotlar unda qanday namoyon bo'lishiga qaratilgan davolash usuli. Bu yondashuvga ko'ra, tanamiz kechinma va hislarni o'zida saqlaydi hamda ifodalaydi, travmatik voqealar yoki hal etilmagan hissiy muammolar esa tana ichida go'yo "qamalib" qolishi mumkin. Bu terapiya tana sezgilarini his qilishga o'rgatadi va fikr, hissiyot hamda xotiralarni o'rganish davomida odamga o'z tanasida xavfsiz his qilishni singdiradi.

EMDR (ko'z harakati bilan desensitizatsiya va qayta ishlash) - bunda mijoz avval his-tuyg'ular bilan kurashish ko'nikmalarini o'rganadi, so'ng aniq bir og'riqli xotira belgilanadi. Qayta ishlash bosqichida mijoz o'sha xotirani ongida ushlab turgan holda, ko'z harakatlari, yengil urish yoki tovushlar kabi bilateral stimulyatsiyani amalga oshiradi. Bu miyaga xotirani qayta ishlab, uning hissiy og'irligini kamaytirishga yordam beradi, bu jarayon tez ko'z harakati (REM) uyqusidagi tabiiy jarayonga o'xshaydi. Jarayon yakunida yangi, sog'lom ishonchlar shakllanadi. 

Kognitiv terapiya xotiralarni anglash, ularni so'zga aylantirish va aniq shaklga solishga qaratilgan. Voqea tiniqlashgach, inson ko'pincha o'sha xotira bilan yarashishga muvaffaq bo'ladi. Ajablanarli emaski, travmani boshdan kechirgan ko'plab odamlarda o'z hikoyasini yozish, kundalik yuritish yoki his-tuyg'ulari haqida san'at yoxud musiqa yaratish istagi paydo bo'ladi. Bu ehtimol, ongning og'riqli xotiralarni ifoda orqali qayta ishlashga bo'lgan tabiiy usulidir. Bu yerda gap oddiy o'ylashda emas, balki ichki tovushni so'zga aylantirib, ongni tinchlik va tartib bilan to'ldirishda. 

Manbalar:

Mayo Clinic. (2022, July 6). Post-traumatic stress disorder (PTSD) - Symptoms and causes. Mayo Foundation for Medical Education and Research. https://www.mayoclinic.org/diseases-conditions/post-traumatic-stress-disorder/symptoms-causes/syc-20355967

Schwartz, A. The neurobiology of trauma. Dr. Arielle Schwartz. from https://drarielleschwartz.com/the-neurobiology-of-trauma-dr-arielle-schwartz/

Paul, M. (2015, August 17). How traumatic memories hide in the brain, and how to retrieve them. Northwestern Medicine. from https://news.feinberg.northwestern.edu/2015/08/17/how-traumatic-memories-hide-in-the-brain/?utm_source=chatgpt.com

Paul, M. (2015, August 17). How traumatic memories hide in the brain, and how to retrieve them. Northwestern Medicine News Center. https://news.feinberg.northwestern.edu/2015/08/17/how-traumatic-memories-hide-in-the-brain/

McAdam, E. (2022, September 29). Why are traumatic memories so different from other memories? PTSD memory. Therapy in a Nutshell. https://therapyinanutshell.com/why-are-traumatic-memories-so-different-from-other-memories-ptsd-memory/

Center for Substance Abuse Treatment (US). (2014). Chapter 3: Understanding the impact of trauma. In Trauma-informed care in behavioral health services.  Substance Abuse and Mental Health Services Administration. https://www.ncbi.nlm.nih.gov/books/NBK207191/

Schwartz, A. The neurobiology of trauma. Dr. Arielle Schwartz. from https://drarielleschwartz.com/the-neurobiology-of-trauma-dr-arielle-schwartz/


travmatik xotiralar travma xotirasi nega unutilmaydi PTSB va xotira travma va unutish siqib chiqarilgan xotiralar flesbek travma nevrobiologiyasi amigdala va gippokamp stress va xotira istalmagan xotiralar ruhiy travma

Ushbu postni baham ko'rish:

Yoqdirish (Yoqtirish uchun tizimga kiring)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish

Tegishli maqolalar