2000-yillarning o'rtalarida Janubiy Afrikaning Kvazulu-Natal provinsiyasida yashovchi yosh ayol OIV bilan zararlangan edi. Keyingi yillar davomida ilmiy tadqiqot doirasida shifokorlar uni davolab, qonidan muntazam namuna olib turganlarida, uning immun tizimi favqulodda kuchli kurash olib bordi. Virusni nazoratda ushlab turish uchun unga baribir dori-darmon kerak bo'ldi, biroq u ishlab chiqargan antitanalar OIVga qarshi topilgan eng kuchli antitanalar qatorida sanaladi. Ilmiy adabiyotda CAP256 nomi bilan belgilangan bu ayol tibbiyotning eng uzoq davom etayotgan izlanishlaridan biri uchun namuna bo'lib qoldi. Olimlar endi uning infeksiyasiga o'xshash infeksiyaning asosiy xususiyatlarini qayta yaratish orqali boshqa odamlarning immun tizimini ham xuddi shunday kuchli antitanalar ishlab chiqarishga o'rgatish va nihoyat OIVni to'xtatadigan vaksina yaratish mumkin, deb umid qilishmoqda.
Maymunlardagi ilk natija
Bu yil bir necha ilmiy guruh maymunlarda keng neytrallovchi antitanalar (bnAbs) hosil qiladigan emlash strategiyalari haqida xabar berdi. Bu antitanalar OIVning turli-tuman shtammlari keltirib chiqaradigan infeksiyani u ildiz otishidan oldin to'xtata oladi. "Buni ilgari hech kim uddalay olmagan edi. Bu juda muhim bosqich", — deydi Amsterdam universiteti tibbiyot markazi virusshunosi Roxir Sanders. Shunga o'xshash vaksinalarning tarkibiy qismlari yuborilgan odamlarda ushbu antitanalarning dastlabki shakllari paydo bo'lgan. Bu esa vaksina yanada takomillashtirilsa, samarali ishlaydigan vaksina yaratish mumkinligiga ishora qiladi.
"Samarali vaksina endi ko'z o'ngimizda", — deydi Nyu-Yorkdagi Xalqaro OITSga qarshi vaksina tashabbusi prezidenti va bosh direktori Mark Faynberg.
O'nlab yillik muvaffaqiyatsizliklar
Bu yutuq uzoq davom etgan muvaffaqiyatsizliklar ketidan keldi. 1980-yillardan boshlab tadqiqotchilar B gepatiti kabi viruslarda samara bergan yondashuvni sinab ko'rdilar: virus hujayralarga yopishish uchun foydalanadigan oqsilning laboratoriyada yaratilgan nusxasini yuborish. OIV uchun bu qobiq oqsili bo'lib, u inson T-hujayralaridagi retseptorga yopishadi. Biroq OIV shu qadar tez mutatsiyaga uchraydiki, bir vaqtning o'zida uning millionlab shtammlari tarqalgan bo'ladi. Shu bois bitta variantga mo'ljallangan vaksinalar sinovda qatnashganlarni infeksiyadan asray olmadi. "Qotil" T-hujayralarni safarbar qiladigan vaksinalar kabi boshqa strategiyalar ham natija bermadi. 2009-yilda Tailandda o'tkazilgan sinovda himoyaning u qadar katta bo'lmagan belgilari kuzatilgan edi. Ammo keyingi urinishlarda bu natijani takrorlab bo'lmadi va bu yo'nalishdan ham voz kechildi.
Faynbergning aytishicha, asosiy muammo shunda ediki, samarali OIV vaksinasining immunologik "izi" qanday bo'lishi kerakligini hech kim bilmasdi. Shu sababli nomzod vaksinani baholashning yagona yo'li yirik samaradorlik sinovini o'tkazib, yaxshi natija chiqishiga umid qilish edi. "Bularning bari qorong'uda o'q uzishga o'xshardi", — deydi Kaliforniya shtatining La-Xoyya shahridagi Scripps Research instituti immunologi va virusshunosi Dennis Berton.
Burilish nuqtasi 1990-yillardan boshlab OIV bilan yashayotgan odamlarda keng neytrallovchi antitanalarning kashf etilishi bo'ldi. 2000-yillarda Bertonning guruhi OIV bilan yashayotgan taxminan 1800 kishini tekshirdi. Ular Afrikadagi bir donorda hosil bo'lgan, o'nlab shtammlarni bloklaydigan ikkita o'ta kuchli antitanani topdi. "Bu butun sohaga jon kiritdi", — deydi u.
Iqtidorli immun hujayralarni izlash
CAP256 kabi odamlarda keng neytrallovchi antitanalar sekin-asta rivojlanadi. CAP256 qonini tahlil qilgan virusshunos Penni Mur bu jarayonni "mushuk-sichqon o'yini" deb ataydi: virus mutatsiyalanaveradi, immun tizim esa unga yetib olishga urinadi. Buni taqlid qilish uchun vaksina ishlab chiquvchilar ketma-ket in'eksiyalardan foydalanadilar. Birinchi "tayyorlovchi" doza kerakli B-hujayralarni, ya'ni antitanalar ishlab chiqaradigan immun hujayralarni uyg'otadi. Keyingi dozalar qobiq oqsilining turli variantlari bilan bu antitanalarni "shakllantiradi" va "jilolaydi". Shu tariqa ular affinlik yetilishi deb ataladigan jarayonni boshqaradi: bunda antitanalar mutatsiyalar to'plab, virusga mahkamroq yopishadigan va ko'proq shtammlarga qarshi ishlaydigan bo'ladi.
Sanders germinal liniyani nishonga olish deb ataladigan bu yondashuvni yosh futbolchilar orasidan bo'lajak yulduzlarni izlashga qiyoslaydi. "Biz iqtidorli B-hujayralarni izlab topyapmiz", — deydi u.
Guruhlar bu izlanishni turlicha olib bormoqda. Murning jamoasi uning antitanalari paydo bo'lishi va shakllanishiga nima turtki bergan bo'lishi mumkinligini aniqlash uchun CAP256 qonidagi viruslarning genetik ketma-ketligini o'qidi. Ana shu viruslardan birining o'zgartirilgan qobiq oqsili maymunlarda tayyorlovchi doza sifatida istiqbolli natija ko'rsatdi va hozir odamlarda sinovdan o'tmoqda. Bu haqda Pensilvaniya universiteti virusshunosi Jorj Shou ma'lum qildi; u klinikagacha bo'lgan ishlarga Beatris Han bilan birgalikda rahbarlik qilgan. Bundan alohida ravishda, Scripps Research'dagi Uilyam Shif boshchiligidagi jamoa kompyuter modellashtirishi va hujayra tadqiqotlari yordamida eOD-GT8 deb nomlangan tayyorlovchi molekulani ishlab chiqdi. Oqsil yoki mRNK shakllari qo'llangan kichik sinovlarda deyarli barcha ishtirokchilarda keng neytrallovchi antitanalarning dastlabki shakllari hosil bo'ldi — bular to'g'ri genetik va tuzilish xususiyatlariga ega, ammo bnAbs'ni shunchalar kuchli qiladigan to'liq mutatsiyalar to'plamiga ega bo'lmagan antitanalardir. Keyinchalik boshqa immunogen asosidagi qo'shimcha (buster) dozani olgan ko'ngillilarda esa antitanalar yangi mutatsiyalarga ega bo'ldi. Natijada ularning virusga yopishish kuchi ham, uni neytrallash qobiliyati ham ortdi. "Hammasi a'lo darajada ishladi", — deydi Shif.
Oldindagi to'siqlar
Faynberg muvaffaqiyat aslo kafolatlanmaganini ta'kidlaydi. Lenakapavir kabi samarali profilaktik dorilar vaksinaning sinovlardagi samaradorligini o'lchashni qiyinlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, AQShda OIV bo'yicha klinikagacha va klinik tadqiqotlarni moliyalashtirishning keskin qisqartirilishi ba'zi loyihalarni jar yoqasida qoldirdi. "Biz hech qachon bo'lmagan darajada yaxshi holatdamiz, lekin aynan shu paytda moliyalashtirish oqimlari to'xtatilganini ko'rib turibmiz", — deydi Berton.
Manbalar: www.nature.com; Nature (asl tadqiqot). Rasm: 3DMedisphere/SPL.
Izohlar
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish