Parkinson kasalligi (PK) harakatni muvofiqlashtiruvchi kimyoviy modda, dofamin ishlab chiqaradigan miya hujayralari ishlamay qolganda yoki nobud bo'lganda yuzaga keladi. PK tremor (titrash), sekinlik, qotib qolish, yurish va muvozanat bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqargani uchun uni "harakat buzilishi" deb atashadi. Ammo qabziyat, depressiya, xotira muammolari va boshqa harakatga aloqasi bo'lmagan belgilar ham Parkinson kasalligining bir qismi bo'lishi mumkin. PK umrbod davom etadigan va asta-sekin kuchayib boradigan kasallik, ya'ni belgilar vaqt o'tishi bilan sekin-asta og'irlashadi.
Parkinson kasalligi bilan yashash tajribasi har bir inson uchun boshqacha kechadi. Belgilar va kasallikning rivojlanishi odamdan odamga farq qilgani sababli, na siz, na shifokoringiz qaysi belgilar paydo bo'lishini, qachon yuzaga kelishini yoki qanchalik og'ir bo'lishini oldindan bilib bo'lmaydi. PK rivojlanishi bilan bemorlar orasida umumiy o'xshashliklar kuzatilsa-da, sizning holatingiz boshqalarnikiga aynan o'xshab chiqishiga hech qanday kafolat yo'q. Taxminlarga ko'ra, Parkinson kasalligi AQShda deyarli 1 million kishiga, butun dunyoda esa 6 milliondan ortiq odamga ta'sir qiladi.
Parkinson kasalligining sababi nima?
Parkinson kasalligining sabablari, ehtimol, genetik, atrof-muhit bilan bog'liq va hali noma'lum boshqa omillarning uyg'unligidir. "Parkinson kasalligi holatlarining taxminan 10-20 foizi genetik sabab bilan bog'liq" - deydi Jons Xopkins universitetidagi Hujayra muhandisligi institutining direktori, tibbiyot fanlari doktori Ted Dawson. Bu turlar yo autosom-dominant (mutatsiyaga uchragan gen bir ota-onadan olinadi) yoki autosom-retsessiv (mutatsiyaga uchragan gen nusxasi har ikkala ota-onadan olinadi) bo'ladi.
Ammo Parkinson kasalligi holatlarining aksariyati idiopatik, ya'ni sababi noma'lum bo'lib qolmoqda. Bizningcha, bu ko'proq atrof-muhitdagi toksinlar yoki pestitsidlarga ta'sirlanish va insonning genetik xususiyatlari uyg'unligi natijasidir.
Yosh. Parkinson kasalligi rivojlanishining eng katta xavf omili - yoshning ulg'ayishi. Kasallik odatda o'rtacha 60 yoshda boshlanadi.
Jins. Erkaklarda Parkinson kasalligi ayollarga qaraganda ko'proq uchraydi.
Irsiyat. Ota-onasi yoki aka-ukasi, opa-singlisi kasal bo'lgan odamlarda Parkinson kasalligiga chalinish ehtimoli taxminan ikki baravar yuqori. "So'nggi 10-15 yil ichida genetika bo'yicha juda ko'p yangi ma'lumotlar to'plandi va yangi genlar aniqlandi, bu esa kasallikni chuqurroq tushunishga yo'l ochdi" - deydi Dawson.
Atrof-muhit omillari. Shifokorlar atrof-muhit bilan bog'liq omillar Parkinson kasalligini keltirib chiqarishga turtki bo'lishi mumkin, deb hisoblashadi. Pestitsid va gerbitsidlar kabi qishloq xo'jaligi kimyoviy moddalariga ta'sirlanish, Vetnam urushi davridagi "Agent Orange" kimyoviy moddasiga duch kelish, og'ir metallar, erituvchilar va yuvish vositalari bilan ishlash kabi holatlar o'rganilib, ular bilan aniqroq bog'liqlik izlanmoqda. Shunga qaramay, Parkinson kasalligiga chalingan odamlarning aksariyati aynan atrof-muhitdagi zararli omillar tufayli kasal bo'lgan, degan xulosa unchalik ehtimol emas.
Bosh jarohatlari. Boshga qayta-qayta zarba yeyish, masalan, Muhammad Ali kabi bokschilarda, Parkinson kasalligi xavfini oshirishi mumkin, biroq "bugungi kunda bu jarohatlar kasallikni yuz foiz keltirib chiqarishini bilmaymiz" - deydi Jons Xopkins universiteti tibbiyot maktabining nevrologiya bo'yicha dotsenti, tibbiyot fanlari doktori Liana Rosenthal. "Bosh jarohati olgan har bir kishida Parkinson kasalligi rivojlanavermaydi, va qanday tur, og'irlik darajasi yoki jarohatlanish chastotasi xavfni oshirishini aniq ayta olmaymiz."
Belgilari qanday namoyon bo'ladi?
Odatda bemorning o'zi yoki yaqinlari sezadigan ma'lum jismoniy belgilar shifokorga murojaat qilishga turtki bo'ladi. Bemorlar yoki ularning oila a'zolari ko'pincha quyidagi belgilarni birinchi bo'lib payqashadi:
Titrash yoki tremor: tinch tremor deb ataladi, qo'l yoki oyoqning tinch holatda titrashi bo'lib, u odatda harakat paytida to'xtaydi
Bradikineziya: qo'l-oyoq, yuz mushaklari, yurish yoki umuman tananing harakatlaridagi sekinlik
Rigidlik: qo'llar, oyoqlar yoki tanadagi qotiqlik
Turg'unlik beqarorligi: muvozanat bilan bog'liq muammolar va yiqilib tushish xavfi
Parkinson kasalligi qanday davolanadi?
Parkinson kasalligining harakatga oid (motor) va harakatga aloqasi bo'lmagan (nomotor) belgilarini yengillashtiradigan dorilar mavjud, bu esa odamlarga ko'p yillar davomida to'liq qonli va samarali hayot kechirish imkonini beradi.
Shuningdek, ma'lum belgilar uchun chuqur miya stimulyatsiyasi (DBS) va fokuslangan ultratovush (FUS) kabi jarrohlik usullari ham qo'llaniladi. DBS invaziv bo'lib, hammaga mos kelmasa-da, dorilarning yon ta'siri yoki diskineziya kabi asoratlari davoning foydasidan ustun kelgan holatlarda tanlov bo'lishi mumkin.
Parkinson kasalligining rivojlanishini to'xtatadigan yoki sekinlashtiradigan davo yoki muolaja hozircha yo'q, ammo bu sohada katta yutuqlarga erishilmoqda. Harakat belgilarini bartaraf etuvchi davolar va nomotor belgilar uchun imkoniyatlar ham kengaymoqda.
Parkinson kasalligi bilan yashash yo'lida oltita maslahat:
Muntazam jismoniy mashqlar bilan shug'ullaning.
Har qanday turdagi muntazam jismoniy faollik umumiy farovonlikni yaxshilaydi va harakat hamda nomotor belgilarni yengillashtirishga yordam beradi.
Sog'lom va muvozanatli ovqatlaning.
Meva va sabzavotlarga boy muvozanatli ratsion umumiy sog'liqni mustahkamlaydi va nomotor belgilarni yengillashtiradi.
Parkinson kasalligi haqida bilim oling.
Bilim tashvishga eng yaxshi davo. Kasallik, davolash imkoniyatlari va davom etayotgan tadqiqotlar haqida ma'lumotga ega bo'lsangiz, o'z belgilaringizni baholay olasiz, to'g'ri davolash guruhini topasiz va o'zingizga mos davolash rejasini tuzasiz. Shifokoringiz va Parkinson kasalligi bilan yashayotgan boshqa odamlardan ishonchli manbalar haqida so'rang.
Harakat buzilishlari bo'yicha mutaxassis toping.
Harakat buzilishlari bo'yicha mutaxassis - Parkinson kasalligi va boshqa harakat buzilishlari bo'yicha qo'shimcha tayyorgarlikdan o'tgan nevrolog. Bu mutaxassis sizning belgilaringizni ko'rib chiqishi, dorilaringizni moslashtirishi va to'g'ri davolash guruhiga ega bo'lishingizni ta'minlashi mumkin. Siz bilan yaxshi muloqot qiladigan va belgilar hamda davolash strategiyalari o'zgarib borishi bilan hamkorlikda ishlaydigan mutaxassis topganingizga ishonch hosil qiling.
Parkinson kasalligi jamoasiga qo'shiling.
O'z kasalligingizga nisbatan faol pozitsiyada bo'lish va PK bilan og'rigan boshqa odamlar bilan aloqa o'rnatish turli shakllarda bo'lishi mumkin va ko'plab foydalari bor. Tadqiqotlarda ishtirok etish, ayniqsa kasallikning dastlabki yillarida, uni nazorat qilishning bir usulidir. Parkinson kasalligining rivojlanishini sekinlashtirish yoki to'xtatishga qaratilgan ko'plab sinovlarga bir necha yil yoki undan kamroq vaqt davomida Parkinson bilan yashagan odamlar kerak bo'ladi.
Xulosa
Parkinson kasalligi progressiv motor va nomotor belgi hamda alomatlarni keltirib chiqaradi. So'nggi yigirma yil ichida kasallik xavfini oshiruvchi genetik variantlarni aniqlash, turli fenotipik va patologik ko'rinishlarni o'rganish, biomarkerlarni tavsiflash, tibbiy va jarrohlik davolashni takomillashtirish hamda turmush tarziga qayta e'tibor qaratish borasidagi yutuqlar davolashni har bir bemorga moslashtirish, belgilarni kamaytirish va ushbu kasallikka chalingan bemorlar hayot sifatini yaxshilash imkonini berdi.
Manbalar
John Hopkins Medicine: Parkinson’s Disease Risk Factors and Causes. https://www.hopkinsmedicine.org/health/conditions-and-diseases/parkinsons-disease/parkinsons-disease-risk-factors-and-causes
John Hopkins Medicine: How Parkinson’s Disease is diagnosed. https://www.hopkinsmedicine.org/health/treatment-tests-and-therapies/how-parkinson-disease-is-diagnosed
The Michael J. Fox Foundation for Parkinson`s Research: Parkinson`s Disease. https://www.michaeljfox.org/parkinsons-101
Izohlar
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish