So‘nggi yillarda namoyon bo‘lish tushunchasi, ayniqsa muvaffaqiyatga erishish va sog‘liqni tiklash sohalarida keng ommalashdi. Namoyon bo‘lish ko‘pincha maqsadli fikrlash, tasavvur qilish va ishonch orqali ma’lum istaklar yoki natijalarni voqelikka aylantirish qobiliyati sifatida tavsiflanadi. Bu g‘oya ma’naviyat yoki metafizikaga asoslangandek tuyulsa-da, namoyon bo‘lishning hayotimizga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida qiziqarli ilmiy asoslar mavjud.
Fikrlar kuchi va neyroplastiklik
Namoyon bo‘lishning asosida bizning fikrlarimiz va e’tiqodlarimiz voqeligimizni shakllantirishi mumkinligi g‘oyasi yotadi. Nevrologik tadqiqotlar miyamizning juda moslashuvchan ekanligini va neyroplastiklik deb ataladigan jarayon orqali o‘zini qayta shakllantira olishini tasdiqlaydi. Bu shuni anglatadiki, takroriy fikrlar va aqliy tasavvurlar xulq-atvorimizga, idrokimizga va hatto jismoniy salomatligimizga ta’sir ko‘rsatadigan yangi asab yo‘llarini yaratishi mumkin.
Miyaning standart rejimi: kelajakni bashorat qilish
Inson miyasi bashorat qiluvchi mashinadir. U o‘tmish tajribalariga asoslanib, “Endi nima bo‘lishi mumkin?” degan savolni doimiy ravishda o’zidan so‘rab, kelajakdagi natijalarni tahmin qiladi.
Bu jarayon miyadagi standart rejim tarmog‘i (SRT) deb nomlangan tizim tomonidan boshqariladi. U xayol surish, tasavvur qilish yoki kelajak haqida o‘ylash paytida faol bo‘ladi. Inson doimiy ravishda maqsad yoki natijani tasavvur qilsa, u bu tarmoqni ishga soladi va shu natija bilan bog‘liq neyron yo‘llarini mustahkamlaydi.
Natija qanday bo‘ladi? Miya tasavvur qilingan kelajakka moslashib, idrok va xatti-harakatlarni o‘sha ishonchga mos ravishda asta-sekin o‘zgartira boshlaydi.
Amalda neyron tayyorlanishi
Masalan, orzu qilgan ishingizni mo‘ljallaganingizda, agar o‘zingizni suhbatlardan ishonch bilan o‘tayotganingizni tasavvur qila olsangiz, miyangiz ishonchni oshiradigan, qo‘rquvni kamaytiradigan va qaror qabul qilishni yaxshilaydigan simulyatsiyalarni yaratadi. Bu neyron prayming (oldingi tajriba yoki ma’lumotga asoslanib keyingi vaziyatni tezroq va samaraliroq qayta ishlashga ‘’tayyor’’ bo’lishi) deb atalib, imkoniyatlarni qanday talqin qilishingiz va ularga qanday munosabat bildirishingizga ta’sir qiluvchi aqliy belgilarni faollashtiradi.
Retikulyar faollashtiruvchi tizim: reallik filtringiz
Inson qizil avtomobil sotib olish haqida o‘ylaganida, hamma joyda qizil avtomobillarni ko‘ra boshlaydi. Bu sehrli hodisa emas! Bu miya ustuni asosidagi nervlar to‘plami – retikulyar faollashtiruvchi tizim (RFT) tufayli sodir bo‘ladi. Aslida, RFT kiruvchi sezgi ma’lumotlarini filtrlaydi va insonning maqsadlari va e’tiqodlariga eng mos keladigan narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Aniq maqsad qo‘yilgandan so‘ng, RFT atrofdagi muhitni tekshirib, ushbu maqsadga mos keladigan barcha belgilar, yuzlar va suhbatlarni izlay boshlaydi.
Shunday qilib, namoyon bo‘lish sehr-jodudan ko‘ra ko‘proq aqliy tanlov asosidagi e’tiborga aylanadi. Siz ilgari e’tibor bermagan narsalarni payqay boshlaysiz va doimo mavjud bo‘lgan, ammo e’tibordan chetda qolgan imkoniyatlardan foydalanasiz.
Neyroplastiklik: takrorlash orqali miyani qayta shakllantirish
Nevrologiyaning asosiy tushunchalaridan biri neyroplastiklikdir. Bu miyaning tajriba asosida o‘zgarish qobiliyatidir. Har safar inson o‘z maqsadlarini tasavvur qilganda yoki tasdiqlarni takrorlaganda, u ma’lum neyron aloqalarini mustahkamlaydi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, takroriy tasavvur va ijobiy tasdiqlar quyidagi yo‘llar bilan ajoyib natijalar beradi:
- Prefrontal (peshonaning old qismi) po’stloqdada o‘ziga ishonch tizimlarini mustahkamlaydi.
- Amigdala*dagi qo‘rquv reaksiyalarini kamaytiradi.
- Oldingi singular (belbog’)* po‘stlog‘ida chidamlilikni shakllantiradi.
Vaqt o‘tishi bilan bu o‘zgarishlar shaxsni shakllantiradi, motivatsiyani kuchaytiradi va izchil harakat qilish qobiliyatini oshiradi. Bular haqiqatan ham “namoyon bo‘lish” retseptining muhim tarkibiy qismlaridir.
Dofamin va mukofotni kutish
Shuningdek, inson yangi munosabatlar, lavozimga ko‘tarilish yoki moliyaviy farovonlik kabi istalgan narsani kutganda, uning miyasi “yaxshi kayfiyat” neyrotransmitteri bo‘lgan dofaminni chiqaradi.
Qizig‘i shundaki, dopamin nafaqat mukofot olinganda, balki inson uni kutayotganda ham ko‘payadi. Bu muvaffaqiyatni tasavvur qilish konsepsiyasini tasdiqlaydi. Yorqin va hissiy tarzda amalga oshirilganda, u motivatsiya, e’tibor va chidamlilikni oshiruvchi neyrokimyoviy muhitni yaratishi mumkin.
Ko‘zgu neyronlari: Muvaffaqiyatning birlashuvi
1990-yillarda kashf etilgan ko‘zgu neyronlari shunday miya hujayralaridirki, ular bir kishi harakatni bajarganda ham, boshqa birov bajarayotganini ko‘rganda ham faollashadi. Ular rahm-shavqat, o‘rganish va taqlid qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Amaliy vaziyatni ko‘rib chiqaylik: o‘zining maqsadga erishishini tasavvur qilish ko‘zgu neyronlar tizimining tajribani xuddi haqiqiydek mashq qilishiga o‘xshaydi. Bu aqliy mashq ishonchni oshiradi, xavotirni kamaytiradi va miyani haqiqiy vaziyat yuzaga kelganda samarali ishlashga tayyorlaydi. Aslida, yuqori darajadagi sportchilar va ijrochilar bu tamoyildan o‘nlab yillar davomida foydalanib kelishgan. Neyrofan endi uning ortidagi ilmiy asoslarni, nima uchun ishlashini va namoyon qilish amaliyoti bilan qanday bog‘liqligini tushuntirishga harakat qilmoqda.
Barcha elementlarni birlashtirish: Ilmiy namoyon qilish amaliyoti
Quyida namoyon qilishga neyrofanga asoslangan yondashuv keltirilgan:
- Aniq maqsad qo‘ying: Aniq, hissiy jihatdan ahamiyatli va shaxsiy qadriyatlarga mos keladigan maqsadni belgilang.
- Jonli tasavvur qiling: Maqsadga erishganingizni tasavvur qilish bilsn birga, uni yanada haqiqiyroq his qilish uchun barcha sezgi a’zolaringizni ishga soling. Birinchi shaxs nuqtai nazaridan foydalaning. Tasavvur qanchalik chuqur bo‘lsa, miyaning javobi shunchalik kuchli bo‘ladi.
- Tasdiqlarni his-tuyg‘u bilan takrorlang: Bir xil ohangda takrorlash samarali emas. Hissiy tildan foydalaning va o‘zingizga ishonarli tuyulgan tasdiqlarni ayting.
- Kichik harakatlarni bajaring: Miyaga izchillik kerak. Agar xatti-harakatlaringiz tasavvurlaringizga mos kelmasa, kognitiv nomuvofiqlik paydo bo‘ladi. Hatto kichik qadamlar ham miyaning ishonch va g‘ayrat uchun mas’ul bo‘lgan qismlarini faollashtiradi.
- Taraqqiyot belgilarini kuzating: Kichik yutuqlarni nishonlang. Ular dofamin darajasini oshiradi va ishonch zanjirlarini mustahkamlaydi.
Ilm-fan ruh bilan uchrashgan nuqta
Namoyon qilish neyrofani ruhiy yoki kvant komponentlari mavjudligini inkor etmaydi. Aksincha, u har bir shaxsning miyasi voqelikni birgalikda yaratuvchi sifatida qanday ishlashini tushuntirish uchun asosli tuzilmani taqdim etadi.
Endi, siz Koinot sizning tebranishlaringizga javob berayotganiga ishonsangiz yoki shunchaki miyangizni muvaffaqiyatga yo‘naltirayotgan bo‘lsangiz, natija ajablanarli darajada o‘xshash bo‘lishi mumkin. Maqsadlaringizga qanchalik diqqat bilan, maqsadli va hissiy jihatdan bog‘langan bo‘lsangiz, atrofingizdagi imkoniyatlarni shunchalik ko‘proq anglaysiz va ulardan foydalanasiz.
Demak, ha, namoyon qilish kuchi ish beradi! Sehrli kuch tufayli emas, balki miyangizning uni amalga oshirish qobiliyati tufayli.
Yakuniy xulosalar
Namoyon qilish shunchaki orzu qilish emas, balki miyani mashq qildirishdir. Vizualizatsiya, diqqat, ishonch va harakatni birlashtirish orqali siz aqliy resurslaringizni muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini oshiradigan tarzda yo‘naltirishingiz mumkin.
Noaniqlikka to‘la dunyoda namoyon qilish hamma narsani nazorat qila olmasak-da, e’tiborimizni nazorat qila olishimizni va bu hamma narsani o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lishi mumkinligini eslatib turadi.
Tushunarsiz so’zlar ta’rifi
Amigdala- limbik sistemaning bir qismi ‘kurash yoki qochish’ reaksiyasini faollashtiradi.
Singulyar po’stloq- hissiyotlarni boshqarishda ishtirok etadigan miyaning limbik sistemasiga kiruvchi bir qismi.
Edited by: Mashhura Qudratova
Translated by: Tojimirzayeva Nilufar
Manbalar:
- Brain Changes (2024, 18-iyul). Namoyon qilishlar ortidagi fan https://www.brainchanges.org/blogs/news/the-science-behind-manifestations-for-healing
- Atlantik Xalqaro Universiteti. Namoyon qilish neyrofani https://www.aiu.edu/innovative/the-neuroscience-of-manifestation-bridging-mind-brain-and-reality/
gap yu