Neuroscience

Kuz ba’zan nega sababsiz g‘amginlik keltiradi?

Oltin rangli barglar va musaffo havoda uyg‘onasiz, ammo ichingizda asta-sekin ko‘rinmas dengizga cho‘kayotgandek his qilasiz. Bu tuyg‘uni aniq izohlash qiyin. O‘zingizni ovutib, “bu shunchaki yomon kun” deb o‘ylaysiz.

Ammo ehtimol, bu undan chuqurroq holatdir? Har yili barglar to‘kilishi va yorug‘lik kamayishi bilan qayta yuzaga keladigan bir hodisami?

Bu holat ilmiy adabiyotlarda mavsumiy affektiv buzilish (Seasonal Affective Disorder — SAD) deb ataladi.

SAD nima?

Mavsumiy affektiv buzilish — bu depressiyaning fasllar bilan bog‘liq shaklidir. Ko‘pchilikda alomatlar kech kuz yoki qishda paydo bo‘lib, bahor kelishi bilan yengillashadi. Bu qishki turdagi SAD yoki qishki depressiya deb ataladi. Kamroq uchraydigan holatda esa alomatlar bahor yoki yozda yuzaga chiqadi. Buni yozgi turdagi SAD yoki yozgi depressiya deb atashadi.

Belgilar va alomatlar

SAD depressiyaning bir turi bo‘lgani sababli, odatda 4–5 oy davom etadi. Unda depressiyaga xos umumiy belgilar va mavsumga oid o‘ziga xos xususiyatlar kuzatiladi.

Umumiy alomatlar:

  • Uzoq davom etuvchi g‘amginlik yoki ichki bo‘shliq hissi
  • Odatda yoqtiriladigan mashg‘ulotlarga qiziqishning yo‘qolishi
  • Quvvatsizlik va doimiy charchoq
  • Diqqatni jamlay olmaslik yoki qaror qabul qilishda qiynalish
  • Ishtaha yoki vaznning o‘zgarishi
  • Juda ko‘p yoki juda oz uxlash
  • Umidsizlik, o‘zini qadrsiz his qilish yoki aybdorlik tuyg‘usi
  • Og‘ir holatlarda o‘lim yoki o‘z joniga qasd qilish fikrlari

Qishki turdagi SAD:

  • Ko‘p uxlash, ammo baribir charchash
  • Uglevodli ovqatlarga kuchli ishtiyoq va ortiqcha ovqatlanish
  • Sovuq mavsumda vazn ortishi
  • Quvvatsizlik, sustlik va “og‘irlik” hissi
  • Do‘stlar va ijtimoiy hayotdan chetlashish

Yozgi turdagi SAD:

  • Uyquning buzilishi yoki tinch uxlay olmaslik
  • Ishtahaning pasayishi va ba’zan vazn yo‘qotish
  • Asabiylik yoki xavotir kuchayishi
  • Bezovtalik va g‘ashlik hissi

Nega bunday bo‘ladi?

Olimlar SADni qorong‘i oylar davrida quyosh nurining kamayishi bilan bog‘lashadi. Yorug‘likning kamayishi quyidagilarga olib kelishi mumkin:

  • Serotonin ishlab chiqarilishining kamayishi — kayfiyatni tartibga soluvchi miya kimyoviy moddasi miqdori pasayadi.
  • Melatoninning ortiqcha ishlab chiqarilishi — uyqu jarayonini boshqaruvchi gormon ortadi va lanjlik hissi paydo bo‘ladi.
  • Sirkadiyal ritmlarning buzilishi — uyqu va uyg‘oqlikni boshqaruvchi ichki “soat” sinxondan chiqadi.

Bu o‘zgarishlar kayfiyat va motivatsiyaga ta’sir qiladi. Bu shaxsning zaifligi yoki irodasizligi emas, balki organizmning qorong‘i, sekinroq mavsumga moslashish jarayonidir.

Qanday davolanadi?

Yaxshi xabar shuki, SAD davolanishi mumkin. Agar sizda ushbu alomatlar bo‘lsa, ruhiy salomatlik mutaxassisi bilan suhbatlashish muhim birinchi qadmdir.

Davolash usullari:

  1. Yorug‘lik terapiyasi (fototerapiya)
     Maxsus yorug‘lik qutisi yonida har kuni 20–30 daqiqa o‘tirish tabiiy quyosh nuri ta’sirini yaratib, kayfiyat bilan bog‘liq miya kimyoviy moddalari muvozanatini tiklashga yordam beradi.
  2. Psixoterapiya
     Ayniqsa kognitiv-xulqiy terapiya (CBT) yordamida terapevt bilan suhbatlar SAD bilan bog‘liq fikr va xatti-harakatlarni boshqarishga yordam beradi.
  3. Dori vositalari
     Og‘ir yoki qaytalanadigan holatlarda antidepressantlar tavsiya etilishi mumkin.
  4. Turmush tarzini o‘zgartirish

     Quyidagi kundalik odatlar foydali bo‘lishi mumkin:
    • Kunduzgi vaqtda, hatto qisqa muddatga bo‘lsa ham, tashqarida bo‘lish
    • Muntazam jismoniy mashqlar qilish
    • Barqaror uyqu tartibini saqlash
    • Qo‘llab-quvvatlovchi yaqinlar bilan aloqa qilish

Manba:

National Institute of Mental Health. Seasonal Affective Disorder.

https://www.nimh.nih.gov/health/publications/seasonal-affective-disorder

5 thoughts on “Kuz ba’zan nega sababsiz g‘amginlik keltiradi?

  1. 🌿 Juda foydali ma’lumot ekan!
    Odamning kayfiyati va motivatsiyasidagi o‘zgarishlar har doim ham 💪 irodasizlik yoki zaiflikdan bo‘lmasligini bilish juda muhim. Bu — organizmning tabiiy ravishda mavsumga moslashish jarayoni ekanini anglash odamga yengillik beradi.

    💡 Yorug‘lik terapiyasi va 🏃‍♀️ muntazam harakat qilish, 📅 barqaror uyqu tartibini saqlash, hamda 🤝 yaqinlar bilan muloqotda bo‘lish — bularning barchasi ruhiy holatni yaxshilashga yordam berishi juda ilhomlantiradi.

    💛 Qishda ham o‘zimizga g‘amxo‘rlik qilishni unutmang. Har bir kichik qadam — katta o‘zgarishlar sari yo‘l.

  2. Juda toʻgri gapirdiz,kuz fasli haqida,toʻgrisi bilmagan narsalarimni bilib oldim. Rahmat Mohlaroyim😊

  3. Man shu paytgacha nima uchun ba‘zi fasllarda xursand ba‘zilarida stressda tyoki depressiyada bo‘lishimni bilmasdim.Shu bilna birga shu postni o‘qib nima uchun bunday bo‘lishini tushundim.Man doim qish faslida o‘zimni yomon xus qilaman va kayfiyatim tushkun holatda bo‘ladi shu sababli qish faslini juda yomon ko‘rardim.Post juda foydali bo‘lgan💥💘💣💣😇😇

Leave a Reply to Malika Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *