Biology & Chemistry

Ichak va miya: tana va ongni bog‘laydigan sirli aloqa

Kirish

Inson tanasi o‘zaro bog‘liq tizimlar tarmog‘idan iborat bo‘lib, so‘nggi kashfiyotlar eng hayratlanarli aloqalardan birini aniqladi: ichak va miya o‘rtasidagi munosabat. Azaldan ichak faqat ovqat hazm qilish a’zosi, miya esa fikr va hissiyot markazi deb qaralgan. Biroq, tobora ko‘payib borayotgan dalillar bu ikki tizim ichak-miya o‘qi deb ataladigan aloqa yo‘li orqali chambarchas bog‘langanligini ko‘rsatmoqda.

Ichak mikrobiomasi

Bu bog‘lanishning asosida ichak mikrobiomasi, ya’ni ichaklarda yashovchi trillionlab mikroorganizmlarning xilma-xil birlashmasi yotadi. Bu mikroblar shunchaki passiv yo‘lovchilar emas, balki salomatlikni boshqarishda faol ishtirok etadi. Mikrobioma ovqatni hazm qilish, vitaminlar ishlab chiqarish va zararli bakteriyalardan himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Eng muhimi, u miya faoliyatiga ta’sir etuvchi neyrotransmitterlar va boshqa kimyoviy moddalarni ishlab chiqaradi. Misol uchun, kayfiyatni boshqaradigan asosiy kimyoviy modda bo‘lgan serotonin ning taxminan 90 foizi miyada emas, balki ichakda ishlab chiqariladi (Gershon, 1998).

Adashgan nerv va kimyoviy xabarchilarning vazifasi

Ichak va miya bir nechta yo‘llar orqali aloqa qiladi. Ularning eng muhimi adashgan nerv bo‘lib, u ikki a’zo o‘rtasida signallarni uzatadi. Bundan tashqari, gormonlar, immun molekulalari va mikrob metabolitlari kimyoviy xabarchilar vazifasini bajaradi. Bu ikki tomonlama aloqa ichakda sodir bo‘ladigan jarayonlar miyaga, miyada sodir bo‘ladigan jarayonlar esa ichakka ta’sir etishi mumkinligini anglatadi. Masalan, stress ichak faoliyati va mikrobioma muvozanatini o‘zgartirishi mumkin, mikrobiomadagi o‘zgarishlar esa stressga javob berish va hissiy holatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin (Cryan & Dinan, 2012).

Ruhiy salomatlikka ta’siri

Ichak-miya o‘qi ruhiy salomatlik uchun katta ahamiyatga ega. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, muvozanatsiz mikrobioma yoki disbioz depressiya, xavotir va autizm spektri buzilishlari kabi holatlar bilan bog‘liq (Foster & Neufeld, 2013). Hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar ichak bakteriyalarini o‘zgartirish xulq-atvorni o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatgan, insonlarda esa probiotiklar va ovqatlanishdagi o‘zgarishlar kayfiyatni yaxshilashi mumkinligi aniqlangan. Ushbu natijalar ruhiy salomatlik nafaqat miyaga, balki ichaklarga ham bog‘liq ekanligini ko‘rsatmoqda.

Ichak-miya aloqasini tushunishning chuqurlashuvi davolash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Tadqiqotchilar ruhiy salomatlik buzilishlarini davolashning potensial usullari sifatida probiotiklar, prebiotiklar va parhezga asoslangan yondashuvlarni o‘rganmoqdalar. Ko‘proq klinik dalillar talab etilsa-da, dastlabki natijalar umidli ko‘rinmoqda. Tibbiyotning kelajagida aql va ichakni yagona, yaxlit tizim sifatida davolash usullari qo‘llanilishi mumkin.

Xulosa

Ichak-miya o‘qining kashf etilishi tana va ongning odatiy ajratilishiga qarshi chiqadi. U sog‘lom ichakni saqlash jismoniy salomatlik kabi hissiy farovonlik uchun ham muhim ekanligini ko‘rsatadi. Fan rivojlanib borgan sari, ichak mikrobiomasi ham ruhiy, ham jismoniy salomatlikni yaxshilashning asosiy maqsadiga aylanishi mumkin.

Translated by Ismatullayeva Mohlaroy

Manba

  1. Cryan, J. F., & Dinan, T. G. (2012). Mind-altering microorganisms: the impact of the gut microbiota on brain and behaviour. Nature Reviews Neuroscience, 13(10), 701–712.
  1. Foster, J. A., & Neufeld, K. A. M. (2013). Gut–brain axis: how the microbiome influences anxiety and depression. Trends in Neurosciences, 36(5), 305–312.
  1. Gershon, M. D. (1998). The Second Brain. New York: HarperCollins.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *