Kirish
Bir kuni ertalab uyg‘onib, o‘z farzandingizning yuzini tanimasligingizni tasavvur qilib ko’ring. Dunyodagi millionlab odamlar uchun bu bir o’ylashda uzoq tuyuladigan qo‘rquv emas, balki achchiq haqiqatdir. Demensiyaning eng keng tarqalgan sababi bo‘lgan Alsgeymer kasalligi asta-sekin xotiralarni, fikrlarni va hatto o‘zlikni yo‘q qiladi. Bu shunchaki “unutuvchanlik” emas; bu bemorlar va oilalarga ta’sir qiladigan progressiv, hayotni o‘zgartiruvchi holatdir. O‘nlab yillar davomida olib borilgan tadqiqotlarga qaramay, olimlar hali ham bu kasallik nima uchun sodir bo‘lishi va uni qanday to‘liq to‘xtatish mumkinligini tushunishga harakat qilmoqdalar.
Alsgeymer kasalligi nima?
Alsgeymer – neyrodegenerativ kasallik bo‘lib, miya hujayralarining asta-sekin nobud bo‘lishini anglatadi. U odatda yengil xotira pasayishi va chalkashlik bilan boshlanadi, ammo rivojlanib til, fikrlash va kundalik faoliyatning jiddiy buzilishiga olib keladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 55 milliondan ortiq odam demensiya bilan yashaydi va ularning taxminan 60-70 foizini Alsgeymer kasalligi tashkil etadi.
Biologik mexanizmlar
Alsgeymer kasalligida kuzatiladigan miya o‘zgarishlari murakkab. Ikkita asosiy xususiyat ajralib turadi:
- Amiloid pilakchalar – nerv hujayralari orasida hosil bo‘ladigan yopishqoq oqsil to‘plamlari bo‘lib, aloqani to‘sadi.
- Tau chigallari – miya hujayralari ichidagi oqsilning buralgan zanjirlari bo‘lib, ozuqa moddalarining tashilishini buzadi va oxir-oqibat hujayralarni nobud qiladi.
Bu o‘zgarishlar, ayniqsa yangi xotiralarni shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan gippokampusda miya hajmining qisqarishiga olib keladi. Olimlarning fikricha, bu jarayonlarga genetik, ekologik va turmush tarzi omillarining uyg‘unligi sabab bo‘ladi.
Xavf omillari
Alsgeymer kasalligining yagona sababi yo‘q. Aksincha, uning rivojlanishiga ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu xavf omillarini biologik, genetik, turmush tarzi va salomatlik bilan bog‘liq toifalarga ajratish mumkin.
Yosh xavf omili sifatida
Yosh Alsgeymer kasalligining eng kuchli va doimiy sababchisidir. Kasallikning rivojlanish ehtimoli 65 yoshdan keyin taxminan har besh yilda ikki baravar oshadi. Qarish bilan miyaning beta-amiloid kabi zaharli oqsillarni tozalash qobiliyati pasayadi, bu esa pilakchalar to‘planish ehtimolini oshiradi. Bundan tashqari, gematoensefalik to‘siq vaqt o‘tishi bilan zaiflashib, zararli moddalarning neyronlarga ta’sir qilishiga yo‘l ochadi. Tabiiy tiklanish mexanizmlari ham susayib, nerv hujayralari shikastlanishga moyil bo‘lib qoladi. Alsgeymer kasalligi qarishning muqarrar qismi bo‘lmasa-da, yosh bilan bog‘liq biologik o‘zgarishlar uning rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Genetika va oila tarixi
Alsgeymerga moyillikni aniqlashda genetika muhim rol o‘ynaydi. APOE ε4 genining varianti eng kuchli genetik xavf omillaridan biri hisoblanadi , maslan : bir nusxani meros qilib olgan odamlarda xavf ortadi, ikki nusxani meros qilib olganlar esa yanada ko‘proq ta’sirga uchraydi. Bu gen xolesterin va amiloid-beta oqsillarining miyada qayta ishlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. APP, PSEN1 va PSEN2 genlaridagi kam uchraydigan genetik mutatsiyalar ko‘pincha 60 yoshdan oldin paydo bo‘ladigan erta boshlanadigan Alsgeymer kasalligini bevosita keltirib chiqarishi mumkin. Oilaviy anamnezda Alsgeymer kasalligi mavjudligi kasallikni kafolatlamasa-da, u xavf darajasini oshiradi, ayniqsa atrof-muhit omillari bilan birgalikda.
Turmush tarzi va atrof-muhit omillari
Kundalik odatlar va atrof-muhit sharoitlari miya salomatligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi:
- Chekish qon tomirlarini shikastlaydi va oksidlanish stressini tezlashtiradi, neyronlarga zarar yetkazadi.
- Noto‘g‘ri ovqatlanish, ayniqsa to‘yingan yog‘lar va shakar miqdori yuqori bo‘lsa, yallig‘lanish va qon tomir muammolarini keltirib chiqaradi. Aksincha, mevalar, sabzavotlar, butun donlar va foydali yog‘larga boy bo‘lgan O‘rta yer dengizi parhezi xavf darajasini pasaytirishi aniqlangan.
- Jismoniy mashqlarning yetishmasligi miyada qon aylanishi va kislorod ta’minotini kamaytiradi, asab tizimining chidamliligini pasaytiradi.
- Surunkali stress kortizol darajasini oshiradi, bu esa vaqt o‘tishi bilan xotira uchun muhim bo‘lgan gippokampni qisqartirishi mumkin.
Bu omillar Alsgeymer kasalligini bevosita keltirib chiqarmasligi mumkin, ammo ular miyaning shikastlanishga moyilligini oshiradigan sharoitlarni yaratadi.
Psixologik va ijtimoiy ta’sir
Alsgeymer nafaqat miyaga zarar yetkazadi, balki hayotni ham tubdan o‘zgartiradi. Bemorlar mustaqillikni yo‘qotadilar, oilalar esa hissiy va moliyaviy jihatdan toliqtiradigan g‘amxo‘rlik vazifasini o‘z zimmalariga oladilar. Kasallik ko’pincha bemorlar va ularning yaqinlari uchun depressiya va xavotir bilan keladi. Ayniqsa “Odamni ikki marta yo‘qotish” hissi, avval shaxsiyatini, keyin hayotini yo‘qotish Alsgeymer kasalligini og‘riqli qiladi.
Hozirgi davolash usullari
Alsgeymer kasalligiga hali ham to‘liq davo topilmagan. Biroq, ba’zi davolash usullari simptomlarni sekinlashtirishi mumkin:
- Dori vositalari: donepezil va memantin kabi dorilar cheklangan vaqt davomida xotira va fikrlashni yaxshilaydi.
- Turmush tarzi o‘zgarishlari: Muntazam jismoniy mashqlar, O‘rta yer dengizi parhezi kabi muvozanatli ovqatlanish va aqliy faollik (topishmoqlar, o‘qish, yangi ko‘nikmalarni o‘rganish) kasallik rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.
- Qo‘llab-quvvatlovchi parvarish: Maslahat berish, parvarishlovchilarni qo‘llab-quvvatlash guruhlari va xotirani mashq qildirish dasturlari bemorlar va oilalarga yordam beradi.
Kelajak istiqbollari
Tadqiqotlar erta tashxis qo‘yish va samaraliroq davolash usullariga yo‘naltirilmoqda. Olimlar biomarkerlar uchun qon testlarini, amiloid va tau oqsillariga qaratilgan yangi dorilarni va hatto gen terapiyasini o‘rganmoqdalar.Uyqu, ichak salomatligi va yallig‘lanishning Alsgeymerni rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi qiziqish tobora ortmoqda, bu esa kasallikning oldini olish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Xulosa
Alsgeymer kasalligi shunchaki tibbiy holat emas, balki xotiralar, munosabatlar va shaxsiyatni o‘g‘irlaydigan insoniy fojiadir. Ilm-fan hali uning davosini topmagan bo‘lsa-da, kasallikning sabablarini tushunish va ta’sirini sekinlashtirish yo‘lida izlanishlar ilgarilab bormoqda. Hayot tarzini to‘g‘ri tanlash, kasallikni erta aniqlash va davomli tadqiqotlar orqali miya salomatligini himoya qilish kelajakda vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berishi mumkin.
Translated by Ismatullayeva Mohlaroy
Manba:
- Alzheimer’s Association. (2023). Alzheimer’s Disease Facts and Figures.
- World Health Organization (WHO). (2022). Dementia.
- Selkoe, D. J., & Hardy, J. (2016). The amyloid hypothesis of Alzheimer’s disease at 25 years. EMBO Molecular Medicine, 8(6), 595–608.
- Livingston, G., et al. (2020). Dementia prevention, intervention, and care. The Lancet, 396(10248), 413–446.