Tasavvur qiling: siz yonib-o‘chib turgan atigi bitta chirog‘i bor xonada o‘tiribsiz. Bir lahzada yorug‘lik xonani energiya bilan to‘ldirib, yorqin nur sochadi, keyingi lahzada esa xonani zulmat qoplaydi. Bu tasvir bipolyar buzilish bilan yashaydigan odamning miyasida sodir bo‘layotgan holatni aks ettiradi. Bu kasallik ruhiy salomatlik, munosabatlar va kundalik hayotga ta’sir qiluvchi o‘ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqaradigan hissiy ko‘tarinkilik va tushkunlik sikllari bilan ajralib turadi.
Bipolyar buzilish nima?
Bipolyar buzilish – kayfiyat, quvvat va faollik darajasining keskin o‘zgarishi bilan tavsiflanadigan og‘ir, takrorlanuvchi kayfiyat buzilishidir. Odatdagi kayfiyat o‘zgarishlaridan farqli o‘laroq, bu o‘zgarishlar juda kuchli, uzoq davom etadigan va ko‘pincha hayotga xalaqit beruvchi bo‘ladi. Epizodlar odatda ikki toifaga bo‘linadi: maniya yoki gipomaniya (hissiy yuksaklik) va depressiya (hissiy tushkunlik). Bu kasallik surunkali, ya’ni umr bo‘yi davom etadi, ammo to‘g‘ri tashxis qo‘yib davolansa, bemorlar kasallikni samarali boshqara oladilar.
Maniya va gipomaniya
Maniya ko‘tarinki kayfiyatning, xursandchilikning eng kuchli holatini ifodalaydi. U impulsiv xatti-harakatlarga, xavfli qarorlarga, uyquga bo‘lgan ehtiyojning pasayishiga va hatto psixozga, masalan, vasvasa yoki galyutsinatsiyalarga olib kelishi mumkin. Maniakal epizod odatda kamida bir hafta davom etadi va ko‘pincha xavfsizlikni ta’minlash uchun kasalxonaga yotqizishni talab qiladi. Masalan, maniya holatidagi odam o‘zining g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega ekanligiga ishonishi, haddan tashqari ko‘p pul sarflashi yoki o‘zini yengilmas his qilib, kunlab dam olmasdan yurishi mumkin.
Gipomaniya – maniyaning yengilroq shakli. U odatda kasalxonaga yotqizishni talab qilmaydi, lekin baribir xulq-atvor va kayfiyatda sezilarli o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Odamlar o‘zlarini juda g‘ayratli, ijodkor va samarali his qilishlari, bir nechta insho yozishlari, ulkan loyihalarni boshlashlari yoki to‘satdan sayohatga chiqishlari mumkin. Gipomaniya foydali bo‘lib tuyulsa-da, u ko‘pincha holdan toyishga olib keladi va depressiv epizodlardan oldin sodir bo‘lishi mumkin.
Bipolyar buzilishda depressiya
Bipolyar buzilishdagi depressiv epizodlar oddiy depressiyaga o‘xshaydi, lekin o‘zgaruvchan siklning bir qismi hisoblanadi. Bu davrda odam ko‘pincha haddan tashqari g‘amginlik, umidsizlik, faoliyatga qiziqishning yo‘qolishi, uyqu yoki ishtahaning o‘zgarishi va charchoqni his qiladi. Ushbu alomatlar haftalar yoki oylab davom etishi mumkin va kundalik hayotga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Odatdagi qayg‘udan farqli o‘laroq, bipolyar depressiya davolanmasa, og‘ir va hatto hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin.
Bipolyar buzilish turlari
Shifokorlar bipolyar buzilishni epizodlarning og‘irligi va xususiyatiga qarab uchta asosiy turga ajratadilar:
- Bipolyar buzilish 1: Kamida bitta to‘liq maniya epizodi bilan belgilanadi. Depressiv epizodlar tez-tez uchrab turadi, ammo diagnostik tekshiruvlarni talab qilmaydi. Maniya davrida psixologik alomatlar paydo bo‘lishi mumkin.
- Bipolyar buzilish 2 : Kamida bitta gipomanik epizod va bitta katta depressiv epizod bilan tavsiflanadi. Bipolyar 1 dan farqli o‘laroq, to‘liq maniya hech qachon kuzatilmaydi, ammo depressiya uzoqroq davom etadi va ko‘proq nogironlikka olib keladi.
- Siklotimiya: to‘liq diagnostika mezonlariga javob bermaydigan gipomanik va depressiv alomatlarning sikllarini o‘z ichiga oladi. Kasallik belgilari kattalarda kamida ikki yil yoki bolalar va o‘smirlarda bir yil davom etishi mumkin.
Tashxish qo’yishdagi qiyinchiliklar
Bipolyar buzilishni tashxislash murakkab va ko‘pincha ko’p vaqt talab qiladi. Hech qanday qon tahlili yoki miya tekshiruvi bu holatni aniq tasdiqlay olmaydi. Buning o‘rniga, shifokorlar klinik tarix, tizimli suhbatlar va vaqt o‘tishi bilan alomatlarni kuzatishga tayanadilar. Ko‘pchilik bemorlarga dastlab noto‘g‘ri tashxis qo‘yiladi, chunki bipolyar buzilish ko‘pincha depressiv epizodlar bilan boshlanadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun besh-o‘n yil kerak bo‘lishi mumkin. Gipomaniya ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi, chunki odamlar uni klinik muammo emas, balki mahsuldorlik va ijodkorlik davri sifatida qabul qilishlari mumkin. Xavotirlanish, DYGS (diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi) yoki giyohvand moddalarni iste’mol qilish kabi qo‘shimcha kasalliklar tashxisni yanada murakkablashtiradi.
Bipolyar buzilishni davolash
Bipolyar buzilishni davolash ikkita asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi: o‘tkir davolash va uzoq muddatli nazorat. O‘tkir davolash bevosita kayfiyat epizodini, u maniakal, gipomaniakal, depressiv yoki aralash bo‘lishidan qat’i nazar, barqarorlashtiradi. Psixoz bilan kechadigan maniyaning og‘ir holatlarida ko‘pincha kasalxonaga yotqizish zarur bo‘ladi. Uzoq muddatli boshqaruvning maqsadi kasallikning qaytarilishini oldini olish, tiklanishni qo‘llab-quvvatlash va hayot sifatini yaxshilashdir. Dori-darmonlar davolashning asosiy vositasi hisoblanadi. Ko‘pincha litiy, valproat natriy, lamotrijin kabi kayfiyat barqarorlashtiruvchi dorilar, shuningdek, ketiapin yoki olanzapin kabi antipsixotik dorilar buyuriladi. Litiy “oltin standart” bo‘lib qolmoqda, chunki u maniya va depressiyani samarali davolaydi, shu bilan birga o‘z joniga qasd qilish xavfini kamaytiradi.
Psixologik-ijtimoiy aralashuvlar ham muhim ahamiyatga ega. Psixota’lim bemorlarga erta ogohlantiruvchi belgilarni aniqlashga va dori-darmonlarni muntazam qabul qilishga yordam beradi. Kognitiv xulq-atvor terapiyasi, oilaga yo‘naltirilgan terapiya va ijtimoiy ritm terapiyasi kurashish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi va barqaror kundalik tartibni qo‘llab-quvvatlaydi. Turmush tarzini to‘g‘ri tanlash ham muhim rol o‘ynaydi: muntazam uyqu tartibi, jismoniy mashqlar, sog‘lom ovqatlanish, spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalardan voz kechish kasallikning qaytarilish xavfini kamaytiradi.
Xabardorlik nima uchun muhim
Bipolyar buzilish butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir ko‘rsatadi. Milliy sog‘liqni saqlash institutlari ma’lumotlariga ko‘ra, 50 milliondan ortiq kishi ushbu kasallik bilan aziyat chekadi. Statistikadan tashqari, har bir holat jamiyat tomonidan ko‘pincha tushunilmagan holda yorug‘lik va qorong‘ulik davrlarini boshdan kechirayotgan insonni ifodalaydi. Stigma va kechiktirilgan tashxis kasallik oqibatlarini og‘irlashtirishi mumkin, biroq hamdardlik, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam va xabardorlik katta o‘zgarishlar keltirib chiqaradi. Bipolyar buzilish haqida xabardorlikni oshirish noto‘g‘ri tasavvurlarni bartaraf etishga, erta davolanishni rag‘batlantirishga yordam beradi va ruhiy salomatlik muammolariga duch kelganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy mas’uliyatimizni eslatadi.
Xulosa
Bipolyar buzilish shunchaki kayfiyat o‘zgarishi emas, balki ehtiyotkorlik bilan boshqarishni talab qiladigan umrbod ruhiy holatidir. Maniya va depressiya davrlari juda og‘ir kechsa-da, odamlarga to‘laqonli hayot kechirishga imkon beradigan samarali davolash usullari mavjud. Dori vositalari, psixoterapiya, turmush tarzini o‘zgartirish va kuchli qo‘llab-quvvatlash tizimlarining uyg‘unligi davolashning asosini tashkil etadi. Bipolyar buzilish haqida bilim orttirish va undan aziyat chekayotganlarga hamdardlik ko‘rsatish orqali biz ruhiy salomatlikni jismoniy salomatlik kabi qadrlaydigan jamiyat yaratamiz. Bu holatdagi yorug‘lik va qorong‘ulik muvozanatini tushunish bizga to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash bilan, hatto eng qiyin damlarda ham, tiklanish va bardosh berish mumkinligini eslatadi.
Translated by: Tojimirzayeva Nilufar
ADABIYOTLAR
- Manbalar: Grande, I., Berk, M., Birmaher, B., va Vieta, E. (2016). Bipolyar buzilish. Lancet, 387(10027), 1561-1572.
- Bipolyar buzilish – belgilari va sabablari. (s.d.). Mayo klinikasi. https://www.mayoclinic.org/diseases-conditions/bipolar-disorder/symptoms-causes/syc-20355955 Veb-sayt, N. (2025-yil, 1-may).
- Bipolyar buzilish. nhs.uk. https://www.nhs.uk/mental-health/conditions/bipolar-disorder/
- Bipolyar buzilish. (s.d.). Milliy ruhiy salomatlik instituti (NIMH). https://www.nimh.nih.gov/health/topics/bipolar-disorder