Mental Health & Psychology

Travmatik xotiralar nima uchun unutilmaydi?

Hammamiz “Vaqt barcha yaralarni davolaydi” degan gapni eshitganmiz. Ammo bolaligida travma bilan shakllangan, ko‘p stress boshidan kechirgan odamlar uchun vaqt bunday ta’sir qilmaydi. Ba’zi xotiralar xayolimizga bezovta qiluvchi fikrlar sifatida kirib kelib, haddan tashqari o‘ylashga majbur qilishidan qutulish imkonsizday tuyulsa, boshqalari esa go‘yo hech narsa bo‘lmaganday ongimizning qaysidir burchagida yashirinib qoladi. Bu savol travmatik hayotning nevrologik va ruhiy tomonlarini ochib beradi.

Avloddan avlodga o‘tuvchi muqarrarliklardan tashqari travma aslida nima?

Travma – bu insonning munosabati, xulq-atvori va faoliyatining boshqa jihatlariga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatadigan darajada kuchli qo‘rquv, ojizlik, ajralish, sarosima yoki boshqa buzg‘unchi his-tuyg‘ularga sabab bo‘ladigan har qanday og‘ir tajriba. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, eng ko‘p travmalar shaxs rivojlanayotgan davrda, odatda bolalikdan to o‘smirlik davri tugagunga qadar yuzaga keladi. Jiddiy travmatik kasalliklarga chalingan odamlarda ko‘pincha JKSB (jarohatdan keyingi stress buzilishi) deb ataladigan ruhiy kasallik shakllanadi. Bu kasallik xavf o‘tib ketganidan keyin ham uzoq vaqt davom etadi va bezovta xotiralar, eslatmalardan qochish, kayfiyat va fikrlashdagi salbiy o‘zgarishlar hamda doimiy xavotirlik hissi bilan namoyon bo‘ladi.

Ammo bu xotiralarni nima uchun travmatik deb ataymiz?

Travmatik xotiralar juda azobli bo‘lishi mumkin, chunki miya ularni oddiy xotiralardan farqli ravishda saqlaydi va qayta tiklaydi. Kuchli stress holatida miya mantiqiy fikrlashdan ko‘ra omon qolishni afzal ko‘radi. Bu esa voqeadan ancha keyin ham hissiy signallar bilan qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan parchalangan va kuchli hissiy xotiralarni yaratadi. Xo‘sh, travmalar haqidagi fanni chuqurroq tushunish uchun nevrologiyaga murojaat qilaylik!

Travmatik stress reaksiyasi paytida miya va boshqa asab tizimlari stressorga qarshi kurashish uchun neyrofiziologik jarayonlarni safarbar qiladi. Mana, miyamizda nima sodir bo‘ladi:

  1. Travma paytida miyamiz avtomatik ravishda fikrlash va mantiqiy faoliyatni kamaytiradi. Shu sababli, mantiq va intellektning markazi bo‘lgan prefrontal korteks (peshona oldi po’stlog’i) omon qolish rejimiga o‘tadi.
  2. Shundan so‘ng, miyaning “qo‘rquv markazi” hisoblangan bodomsimon tana haddan tashqari faollashadi. Bu esa kuchli tahdid hissi va keng ko‘lamli ogohlik holatini keltirib chiqaradi. Bunday ortiqcha qo‘zg‘alish natijasida bodomsimon tana nafaqat xavfli vaziyatlarda, balki hamma joyda tahdidlarni noto‘g‘ri idrok eta boshlaydi. Adrenalin portlashi bodomsimon tanani faollashtiradi va sezgi fragmentlarini aniq eslashga olib keladi. Vizual tasvirlar, hidlar, tovushlar yoki his qilingan tajribalar kabi ma’lum sezgi tafsilotlari kuchli tarzda esga tushishi mumkin.
  3. Kuchli his-tuyg‘ular va tugamas fikrlar barcha tafsilotlarni eslab qolish yoki voqealarning ketma-ketligini saqlash qobiliyatini boshqaradigan gippokampning (hissiyotlarga javobgar miyyaning bir qismi) ishlashini izdan chiqaradi. Bunday holda, gippokampimiz to‘g‘ri ishlamaydi va xotiramiz faqat tasvir, qichqiriq va boshqa mayda tafsilotlarni to‘liq ketma-ketliksiz eslay oladi.

Nima uchun biz ko‘pincha travmatik tajribalarimizni eslay olmaymiz?

Travmatik xotiraning miyamizda qanday shakllanishini bilib oldik. Biroq, miyamiz normal holatga qaytganda, u bizni himoya qilishga harakat qiladi. Bunday holda, holatga bog‘liq o‘rganish deb ataladigan jarayon oddiy ong uchun erishib bo‘lmaydigan xotiralarning shakllanishiga yordam beradi. Holatga bog‘liq o‘rganish – bu ma’lum bir ichki holatda o‘zlashtirilgan ma’lumot yoki xatti-harakatlar, shaxs o‘sha holat yoki tajribaning muayyan lahzasida bo‘lgandagina eng yaxshi eslab qolinadigan yoki amalga oshiriladigan hodisadir. Bu shuni anglatadiki, xotiralar o‘sha jarohatlardan chiqib, normal holatimizga qaytganimizda yashirin qolishi mumkin. Xotiralarning yo‘qolishini ikki guruhga bo‘lish mumkin: tasodifiy va qasddan unutish:

Tasodifiy unutish miyadagi xotira tizimi (xususan, odatda aniq vaqt chizig‘iga ega bo‘lgan gippokamp) haddan tashqari zo‘riqish tufayli to‘g‘ri ishlamaganda yuzaga keladi. Bu voqeaning faqat bir qismini qoldiradi va kelajakda uni to‘liq eslab qolish qiyinlashadi.

Qasddan unutish esa aksincha, prefrontal korteks (miyaning fikrlovchi qismi) og‘riqli xotiralarni bostirish orqali o‘zini himoya qilish uchun ishga tushadi. Jabrlanganlar travma haqida o‘ylamasliklari yoki gaplashmasliklari mumkin, bu esa vaqt o‘tishi bilan tafsilotlarni xiralashtiradi. Birgalikda, bu mexanizmlar ba’zi travmatik tajribalarning ongli xotiradan o‘chib ketishiga yordam beradi. Shunga qaramay, bodomsimon tana (miyadagi xavf signali tizimi) hissiy zaryadni saqlab qolishi mumkin va tana bostirilgan xotiralarni uyg‘otadigan narsaga duch kelganda kuchli javob beradi.

Tanamiz va ruhiy salomatligimiz travmatik xotiralarga qanday moslashadi?

Tasavvur qilaylik, bolaligimizda qattiqqo‘l ota-onamizdan doimiy ravishda azob chekkanmiz. Vaqt o‘tishi bilan o‘zimizning fikrlarimizni ifoda eta olmasdan, ularning xatti-harakatlaridan doimo xavotirda va qo‘rquvda, shubhalar bilan yashab ulg‘aydik. Katta bo‘lganimizda, hayotimizning ayrim paytlarida, boshqalar bilan suhbatlashganda yoki yangi odamlar bilan aloqa o‘rnatmoqchi bo‘lganimizda, o‘tmish xotiralari yuzaga keladi. Miyamiz travmaning qanday his qilinganini yorqin tasvirlar orqali ko‘rsata boshlaydi. Bunga javoban, yangi odamlardan yoki jiddiy munosabatlardan qochishga moyil bo‘lamiz.

Ushbu misoldan shunday xulosaga kelishimiz mumkin: garchi biz doim travmatik xotiralarni eslayvermasak-da, miya yana o‘sha travmatik holatga qaytganida ular yuzaga chiqadi. Xotiralar bizga bunday holatlar nima bilan tugashi mumkinligini eslatadi. Shu sababli, biz qarorlarimizni shunga qarab qabul qilamiz.

Eng dolzarb muammolardan biri: Bolalik travmasi va uni davolash!

Bolaning zo‘ravonlikdan aziyat chekishi hech qachon faqat jismoniy bo‘lmaydi, ko‘plab turdagi jarohatlar uning xatti-harakatlari va hissiy munosabatlariga ta’sir qiladi. Ko‘pincha bolalar o‘z his-tuyg‘ularini tushunishda, aniqlashda va sog‘lom tarzda boshqarishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Travmatik vaziyatlarda bola o‘z hissiy reaksiyasini boshqara olmasligi, zo‘ravonlik xurujlari yoki tushkunlik holatlariga moyil bo‘lishi mumkin. Bunday reaksiyalar oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lishi, ko‘pincha ma’lum bir travmatik tajribani eslatish orqali yuzaga kelishi mumkin.

Ekstremal tendensiyalar bolaning o‘rganish qobiliyatiga va boshqa odamlar bilan munosabatlar o‘rnatishiga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, maktabda jabrlanuvchi bola topshiriqlarni bajarishda va tengdoshlari bilan muloqot qilishda ko‘proq qiyinchiliklarga duch keladi. Shuningdek, travma ta’lim va fikrlash jarayonlariga ham ta’sir qiladi. Jabrlanuvchi bola kelajakni rejalashtira olmaydi, yangi ko‘nikmalar va ma’lumotlarni o‘zlashtira olmaydi, odatiy vaziyatlarda ham xotirjam fikrlay olmaydi.

Travma ta’sirini qanday kamaytirish mumkin?

Birinchidan, meditatsiya, o‘z-o‘ziga g‘amxo‘rlik va o‘z-o‘zini anglash haqida o‘ylaymiz, ammo bular murakkab muammolar oldida yetarli qo‘llab-quvvatlash va samaradorlikka ega emas. Inson o‘z farovonligini o‘zi yaxshilashga harakat qilishi mumkin, lekin mutaxassis yordamisiz bunday amaliyotlar ko‘pincha samarasiz bo‘ladi.

Ikkinchidan, shifokorga murojaat qilish varianti bor. Psixolog yoki psixoterapevt – bu shaxsning bolalikdagi travmasini davolashi mumkin bo‘lgan bir necha usullardan biridir. Biroq, bu yo‘l xavf ostidagi odamda bo‘lmasligi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi mablag‘ni talab qiladi. Bundan tashqari, terapevtga tashrif buyurish hissiy jihatdan qiyin qadam, chunki boshqa odamga ochilish bolalikda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan inson uchun eng katta to‘siqlardan biridir.

Keling, endi bu ta’sirlarni kamaytirish uchun eng samarali yechimlarni ko‘rib chiqaylik…

  • Somatik terapiya – tanaga va his-tuyg‘ularning tanada qanday namoyon bo‘lishiga qaratilgan davolash usuli. Somatik terapiya nazariyasiga ko‘ra, tanamiz tajribalar va his-tuyg‘ularni saqlab qoladi va ifodalaydi, travmatik hodisalar yoki hal etilmagan hissiy muammolar esa ichkarida “qamalib qolishi” mumkin. Terapiyaning bu shakli tanadagi his-tuyg‘ularni anglashni rivojlantiradi va odamlarga fikrlar, his-tuyg‘ular va xotiralarni o‘rganish jarayonida o‘z tanasida xavfsizlikni his qilishni o‘rgatadi.
  • EMDR (Ko‘z harakati orqali sezgisizlantirish va qayta ishlash) – bu terapiya turida mijozlar kurashish ko‘nikmalarini o‘rganadilar va muayyan bezovta qiluvchi xotira aniqlanadi. Qayta ishlash bosqichida mijoz xotiraga e’tibor qaratadi va bir vaqtning o‘zida miyaga xotirani qayta ishlashga va uning hissiy ta’sirini kamaytirishga yordam berish uchun ko‘z harakatlari, taqillatish yoki tovushlar kabi ikki tomonlama rag‘batlantirishlarni amalga oshiradi. Bu jarayon tabiiy REM uyqusiga o‘xshaydi. Jarayon ijobiy ishonchlarning shakllanishi bilan yakunlanadi.
  • Kognitiv terapiya – bu xotiralarni tushunishga, ularni so‘zlarga aylantirishga va aniqroq ifodalashga intiladi. Keyin esa, ular aniqroq bo‘lgach, ko‘pincha xotiralar bilan murosaga kelish mumkin bo‘ladi. Hozirda travmaga chalingan ko‘plab odamlar o‘z hikoyalarini yozishga, xotiralarini qayd etishga, kundalik yuritishga, his-tuyg‘ulari haqida san’at asarlari yoki musiqa yaratishga moyil bo‘lishadi. Bu ongning og‘riqli xotiralarni yengish, ularni ifodalash orqali anglashning instinktiv usuli bo‘lishi mumkin. Bu shunchaki fikrlash emas, balki ichki ovozimizni so‘zlarga aylantirish va ongimizni xotirjamlik va tartibli fikrlar bilan to‘ldirishdir.

Edited by: Libi Bewijsshoda

Translated by: Tojimirzayeva Nilufar

Adabiyotlar:

  1. Mayo Clinic. (2022, July 6). Post-traumatic stress disorder (PTSD) – Symptoms and causes. Mayo Foundation for Medical Education and Research. https://www.mayoclinic.org/diseases-conditions/post-traumatic-stress-disorder/symptoms-causes/syc-20355967
  2. Schwartz, A. The neurobiology of trauma. Dr. Arielle Schwartz. from https://drarielleschwartz.com/the-neurobiology-of-trauma-dr-arielle-schwartz/
  3. Paul, M. (2015, August 17). How traumatic memories hide in the brain, and how to retrieve them. Northwestern Medicine. from https://news.feinberg.northwestern.edu/2015/08/17/how-traumatic-memories-hide-in-the-brain/?utm_source=chatgpt.com
  4. Paul, M. (2015, August 17). How traumatic memories hide in the brain, and how to retrieve them. Northwestern Medicine News Center. https://news.feinberg.northwestern.edu/2015/08/17/how-traumatic-memories-hide-in-the-brain/
  5. McAdam, E. (2022, September 29). Why are traumatic memories so different from other memories? PTSD memory. Therapy in a Nutshell. https://therapyinanutshell.com/why-are-traumatic-memories-so-different-from-other-memories-ptsd-memory/
  6. Center for Substance Abuse Treatment (US). (2014). Chapter 3: Understanding the impact of trauma. In Trauma-informed care in behavioral health services.  Substance Abuse and Mental Health Services Administration. https://www.ncbi.nlm.nih.gov/books/NBK207191/
  7. Schwartz, A. The neurobiology of trauma. Dr. Arielle Schwartz. from https://drarielleschwartz.com/the-neurobiology-of-trauma-dr-arielle-schwartz/

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *