Public Health

COVID-19 saboqlari: kelajak sog‘liqni saqlash tizimlari uchun xulosa

COVID-19 ilk bor paydo bo‘lganida, butun dunyo hayratda qoldi. Oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan virus butun mamlakatlarni to‘xtatib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘chalar bo‘shadi, chegaralar yopildi, kasalxonalar to‘lib-toshdi. Biz zamonaviy tibbiyotni rivojlangan, deyarli yengilmas deb o‘ylaymiz. Biroq, pandemiya boy davlatlardagi ta’minot yetishmovchiligidan tortib, qashshoq hududlardagi tibbiyot muassasalarigacha hamma joyda muammolarni yuzaga chiqardi. Bu shunchaki sog‘liq inqirozi emas, balki insoniyat tizimlari, qadriyatlari va chidamliligining sinovidan iborat edi. Garchi og‘ir to‘lov to‘lagan bo‘lsak-da, olingan saboqlar kelajakda yanada kuchli, adolatli va tayyorgarlikka ega sog‘liqni saqlash tizimini shakllantirishimizga yordam berishi mumkin.

Eng muhim saboqlardan biri tayyorgarlik zarurati edi. O‘n yillar davomida olimlar global pandemiya xavfi haqida ogohlantirgan bo‘lsa-da, bu ogohlantirishlar ko‘pincha e’tiborsiz qolgan. Kamdan-kam mamlakatlar omborlarida yetarli himoya vositalari, sun’iy nafas oldirish apparatlari yoki test to‘plamlari mavjud edi. Kasalxonalarda o‘rinlar yetishmay, shifokorlar kimni davolash mumkinligi haqida og‘ir qarorlar qabul qilishga majbur bo‘ldi. Tayyorgarlik har qanday virusni oldindan aytib berish degani emas. Bu moslashuvchan infratuzilmaga sarmoya kiritish, zarur uskunalar zaxirasini saqlash va tibbiyot xodimlarini tezkor harakat qilishga o‘rgatishni anglatadi. Buni yong‘in signali kabi tasavvur qiling – uni hech qachon ishlatmaslikka umid qilasiz, ammo olov chiqsa, xonani tutun bosguncha kutib o‘tirolmaysiz.

Fan ahamiyati yana bir muhim kashfiyot bo‘ldi. Ilgari o‘n yil yoki undan ko‘proq vaqt talab qiladigan vaksinalar rekord tezlikda ishlab chiqarildi. Bunga organizmning hujayralariga immun javobni qo‘zg‘atuvchi oqsil ishlab chiqarishni o‘rgatadigan mRNK texnologiyasi bo‘yicha o‘n yillar davomidagi tadqiqotlar tufayli erishildi. Oddiy kishi uchun bu fantastikaga o‘xshab tuyulishi mumkin, ammo aslida bu fan eng yaxshi holatda ishlashi edi: tez, hamkorlikda va ko‘p yillik tajribaga asoslangan holda. Biroq vaksinalar paydo bo‘lgach, yana bir kurash – noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurash boshlandi. Fitna nazariyalari virusdan ham tezroq tarqaldi. Vaksinalar, davolash usullari va hatto COVID-19 ning kelib chiqishi haqidagi yolg‘on ma’lumotlar jamiyatni bo‘lib tashladi. Bu shuni ko‘rsatdiki, sog‘liqni saqlash tizimlari faqat fan bilan muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Ular odamlar nafaqat sog‘lom qolish vositalariga ega bo‘lishlari, balki ularga ishonishlari uchun ishonch, muloqot va ma’rifatga ham sarmoya kiritishlari kerak.

Pandemiya dunyomiz qanchalik o‘zaro bog‘liq ekanligini ham ko‘rsatdi. Bir shaharda boshlangan virus global sayohat va savdo tufayli tez orada barcha qit’alarga yetib bordi. Hech qanday chegara devori, iqtisodiy holat yoki geografik masofa himoya qila olmadi. Ba’zi mamlakatlar vaksina va uskunalarni g‘amlab qo‘ysa, boshqalari kutib qoldi. Vaksinalarni adolatli taqsimlash uchun mo‘ljallangan COVAX kabi dasturlar yordam berdi, ammo bu tafovutni to‘liq bartaraf etmadi. COVID-19 bizga birdamlik ixtiyoriy emas, balki omon qolishning asosi ekanligini o‘rgatdi. Istalgan joydagi pandemiya hamma joyda pandemiyaga aylanishi mumkin, bu esa yechimlarni yashirish emas, balki baham ko‘rish kerakligini anglatadi.

Biroq tengsizlik faqat global miqyosda emas edi. Mamlakatlar ichida pandemiya og‘riqli tafovutlarni yuzaga chiqardi. Badavlat hududlar kasalxonalar va xususiy shifokorlarga yaxshiroq kirish imkoniyatiga ega bo‘lsa, kambag‘al jamoalar gavjum klinikalar va kamroq resurslar bilan kurashdi. Muhim xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, supermarket kassirlar, avtobus haydovchilari va yetkazib beruvchilar ko‘pincha eng kam himoyaga ega bo‘lgan holda eng yuqori xavfga duchor bo‘ldilar. Keksa odamlar va surunkali kasalliklarga chalinganlar ancha zaif edi. Virus doimo mavjud bo‘lgan, ammo ko‘pincha e’tiborga olinmagan haqiqatni oshkor qildi: sog‘liqni saqlash bir xilda taqsimlanmagan va bu tengsizlikning bahosi insonlar hayoti bilan o‘lchanadi.

Ruhiy salomatlikning yashirin inqirozidan yana bir saboq olindi. Karantin va yakkalanish misli ko‘rilmagan xavotir va tushkunlik to‘lqinlarini keltirib chiqardi. Bolalar maktabdan, kattalar ishdan ayrildi, oilalar an’anaviy vidolashuvlarsiz azadorlikka tushdi. Uzoq vaqt davomida jismoniy kasalliklarga e’tibor qaratgan sog‘liqni saqlash tizimlari ruhiy salomatlik – bu salomatlikning o‘zi, hashamat emas, ikkinchi darajali emas, balki inson farovonligi uchun asosiy ekanligini tan olishga majbur bo‘ldi. Bu saboq COVID-19 dan keyin ham saqlanib qolishi kerak. Biz dori-darmon va himoya vositalarini zaxira qilganimiz kabi, odamlarni ruhiy jihatdan kuchli qiladigan maslahatchilar, yordam liniyalari va jamoat dasturlariga ham sarmoya kiritishimiz zarur.

Pandemiya bizga tayyorgarliksizlikning dahshatli qiymatini ham ko‘rsatdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, rasman 6,9 milliondan ortiq kishi COVID-19 tufayli vafot etgan, ammo ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, ortiqcha o‘limlar hisobga olinsa, haqiqiy ko‘rsatkich 15 milliondan oshishi mumkin. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina 2020-yilning o‘zida dunyo 255 million to‘liq stavkali ish o‘rinlariga teng mehnat soatlarini yo‘qotgan. Bevosita o‘limlar va iqtisodiy inqirozdan tashqari, bu inqiroz demografik tendensiyalarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pgina mamlakatlarda tug‘ilish darajasi keskin pasaydi, bu qisman noaniqlik, moliyaviy qiyinchiliklar va karantin davrida oilaviy hayotning izdan chiqishi bilan bog‘liq edi. Masalan, AQShda 2020-yilda tug‘ilish darajasi taxminan 4% foizga kamaygan bo‘lsa, Italiya, Ispaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarida ham xuddi shunday pasayish kuzatilgan. Bu raqamlar sog‘liqni saqlash tizimi kuchliroq va tayyorgarligi yaxshiroq bo‘lganda, millionlab odamlarning hayotini saqlab qolish, tirikchilik manbalarini himoya qilish va hatto uzoq muddatli ijtimoiy o‘zgarishlarning oldini olish mumkin bo‘lganini eslatadi. Barqarorlikka erta sarmoya kiritish nafaqat mablag‘ni tejaydi, balki odamlarni, oilalarni va kelajak avlodlarni asraydi.

Biroq, hammasi ham muvaffaqiyatsizlikka uchragani yo‘q. COVID-19 kutilmagan innovatsiyalarni ham yuzaga keltirdi. Teletibbiyot, ya’ni shifokorlarning bemorlarga video qo‘ng‘iroqlar orqali maslahat berish amaliyoti bir kechada tor doiradagi imkoniyatdan global me’yorga aylandi. Ko‘pchilik uchun bu xavfsizlik, qulaylik va kasalxonalar xatarli yoki borib bo‘lmaydigan paytda ham tibbiy yordam olishni anglatardi. Xuddi shunday, raqamli vositalar kasallik tarqalishini kuzatish, vaksina tarqatishni boshqarish va olimlarni qit’alar bo‘ylab bog‘lashga yordam berdi. Ma’lum ma’noda, inqiroz sog‘liqni saqlash sohasini bir necha oy ichida o‘n yillar oldinga surib yubordi. Hozirgi vazifa esa bu taraqqiyotni saqlab qolish, texnologiyalar nafaqat tezkor internet yoki zamonaviy qurilmalarga ega bo‘lganlarga, balki barchaga foyda keltirishiga ishonch hosil qilishdir.

Ehtimol, eng chuqur saboq shuki, sog‘liqni saqlash tizimlari shunchaki binolar, uskunalar yoki hatto dori-darmonlardan iborat emas. Ular odamlar va ishonch haqidadir. Shifokorlar, hamshiralar, farroshlar, yetkazib beruvchi haydovchilar, o‘qituvchilar va olimlar chinakam oldingi safga aylandilar. Jamoalar bir-birlarini oziq-ovqat yordami, mahalla ko‘maklashuvi va hatto balkonlardan aytiladigan qo‘shiqlar bilan qo‘llab-quvvatladilar. Ushbu bardoshlilik namunalari bizga kuchli sog‘liqni saqlash tizimi nafaqat laboratoriyalar yoki parlamentlarda, balki biz har kuni yaratadigan birdamlik rishtalarida ham qurilishini eslatib turadi.

COVID-19 sog‘liqni saqlash sohasidagi so‘nggi global inqiroz bo‘lmaydi. Iqlim o‘zgarishi, antibiotiklarga chidamlilik va yangi patogenlar ufqda kutmoqda. Ammo endi biz tayyorgarliksizlik qanday bo‘lishini va tayyorgarlik nimaga erishishi mumkinligini bilamiz. Saboq nafaqat keyingi favqulodda vaziyatdan omon qolish, balki undan kuchliroq, adolatliroq va rahmdilroq bo‘lib chiqishdir. Bu saboqlarni unutishning bahosi juda yuqori bo‘ladi. Ularni yodda tutishning mukofoti esa salomatlik mo‘rt emas, balki bardoshli bo‘lgan kelajak bo‘lishi mumkin.

Pandemiya dunyoni o‘zgartirdi. Endi savol shundaki, biz bu o‘zgarishlarni so‘nib ketishiga yo‘l qo‘yamizmi yoki ulardan xavfsizroq ertangi kunni qurish uchun foydalanamizmi? Kuchli sog‘liqni saqlash tizimlari nafaqat bizni kasalliklardan himoya qiladi, balki qadr-qimmat, adolat va umidni ta’minlaydi. Agar COVID-19 bizga biror narsa o‘rgatgan bo‘lsa, bu bizning omon qolishimiz ajralishga emas, balki birlikka bog‘liqligidir.

Edited and translated by Tojimirzayeva Nilufar and Azim Egamberdiyev

Adabiyotlar:

  • Nature Medicine – https://www.nature.com/articles/s41591-021-01381-y
  • Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – https://www.who.int/publications/i/item/9789240094321
  • The Lancet – https://www.thelancet.com/journals/lancet/article/PIIS0140-6736%2822%2901943-2/fulltext
  • ScienceDirect – https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S003335062300392X
  • Health Research Policy and Systems – https://health-policy-systems.biomedcentral.com/articles/10.1186/s12961-024-01229-0

2 thoughts on “COVID-19 saboqlari: kelajak sog‘liqni saqlash tizimlari uchun xulosa

  1. Shu qadar batafsil va fikrga boy tahlil yozganingiz uchun rahmat. Ayniqsa, noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishi haqidagi qism juda ta’sirli bo‘ldi. Ilm-fan qisqa vaqt ichida vaksina yaratishga muvaffaq bo‘ldi, ammo odamlarning ishonchsizligi sabab natija to‘liq bo‘lmadi. Demak, ilmning o‘zi yetarli emas, uni xalq ongiga to‘g‘ri yetkazish ham muhim ekan. Sizning maqolangiz tibbiyot nafaqat shifokorlar, balki butun jamiyat qadriyatlariga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

  2. Bu maqolani o‘qib, pandemiya davridagi kunlar yodimga tushdi: bo‘sh ko‘chalar, yopilgan maktablar, to‘lib ketgan shifoxonalar… Bular faqat yangiliklarda emas, har birimizning hayotimizda bo‘lgan voqealar edi. Sizning maqolangiz esa bu voqealarni nafaqat xotira sifatida, balki saboq sifatida ko‘rsatadi. Adolat, ruhiy sog‘liq va jamoaviy mas’uliyat masalalariga urg‘u berishingiz meni hayratda qoldirdi. Bu kabi maqolalar ko‘proq yozilsa, odamlar kelajakdagi sinovlarga ancha tayyor bo‘lardi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *