Globallashuv sabab dunyoning turli xil joylaridan bo’lgan odamlar bir-biri bilan aloqa qilishi osonlashdi, va bu tabiiy ravishda turli xil millat, din, davlat va irqdagi odamlarning turmush qurish darajasini ham oshirdi. Buning oqibatida bunday oilalarda dunyoga kelgan farzandlar ikki xil turli yoki bir-biriga yaqin tillarni o’rganib katta bo’lishadi. Bunday farzandlarga nisbatan ommada ikki xil qarash mavjud, bir argument bunday bolalar qaysi tilni o’zining tili ekanligini bilmasdan tartibsizlikda, chalkashlikda til o’rganishi qiyin bo’ladi desa, ikkinchi taraf aksincha bunday bolalarda aqliy rivojlanishlar tezroq va mukammalroq amalga oshadi degan g’oyani olg’a suradi. Bugungi postda ayni qaysi qarash to’g’ri yoki ular bir-biri bilan chambarchas bog’liqmi degan savolga aniqlik kiritishga harakat qilamiz.
Birinchi navbatda, buguni postda ishlatiladigan muhim terminlarni aniqlashtirib olsak. Bilingual – ikki tilda erkin so’zlasha oladigan odam. Monolingual – bir tilda erkin so’zlasha oladigan odam. Bilingual – bu har qanday ikki tilda erkin gaplasha oladigan insonga nisbatana ishlatilsada, buguni postimizning asosiy fokusi ikkita til ishlatiladigan muhitda katta bo’lgan bolalarga qaratiladi. Bunda, ota-ona ikki xil tilda gaplashishi yoki oila bir tilda va tashqi jamiyat boshqa tilda gaplashishi ham mumkin (immigrant oilalar va ularning farzandlari).
Asosiy terminlarni aniqlab oldik, endi bilingual va monolingual muhitda o’sgan bolalar o’rtasida o’tkazilgan tadqiqotlar va bilingual muhitning afzalliklariga qarab o’tamiz. Miyake, Ellen Bialystok va boshqa olimlar o’tkazgan turli tadqiqotlar bilinguallikning asosiy afzalligi – miyyaning umumiy maqsadlarga qaratilgan nazorat qiluvchi tizimida (general-purpose oriented executive control system) ekanligini aniqladi. Bu tizim nima va nimaga javob beradi? Bu tizimni miyaning boshqaruv tizimi deb tushunsak bo’ladi. Uning asosiy vazifalari:
– e’tiborni kerakli narsalarga qaratish va chalg’ituvchi omillarni bloklash
– ruhiy va aqliy holatlarni hamda vazifalar orasida o’zgarish
– hozirda keraksiz bo’lgan fikr va javoblarni bloklash
– progressni nazorat qilish va xatolardan xulosa qilib, ularni to’g’rilashdan iborat.
Bu tizim ayni bitta ko’nikma yoki rolga bog’lanmagan bo’lib turli xil faolliklar orasida ishlaydi va boshqaradi. Masalan, shaxmat o’ynayotganingizda sizga keyingi aniq va to’g’ri yurishni aniqlashda, shahmatdan chalg’ib boshqa yumushlarni o’ylamasligingiz uchun ayni shu tizim javobgar. Miyake bu tizimni aniq uchta komponentga bo’ladi:
– Bloklash – ahamiyatsiz ma’lumotlarni bostirish
– Yangilash – tegishli ma’lumotlarni yodda saqlash va qayta ko’rib chiqish
– Ko’chirish – vazifalar yoki aqliy sxemalar o’rtasida almashish
Bu tizim asosan og’zaki bo’lmagan vazifalarda yaxshi ishlasada, bilinguallar bu tizimni monolinguallarga nisbatan ko’proq ishlatadi va buni oqibatida bu tizim doimiy kuchayib boradi. Buni isbotlash uchun o’tkazilgan uch xil tadqiqotlarni ko’rib chiqamiz.
Birinchisi, olti yoshgacha bo’lgan 25ta monolingual va 25ta bilingual bolalar o’rtasida “Global va Mahalliy Shakl” mashg’uloti o’tkaziladi. Unda, bolalarga ikki xil shakllar ko’rsatiladi va bolalar u shakllarni to’g’ri topishi kerak bo’ladi. Shakllar quyidagi rasmlarda ko’rsatilganidek bo’ladi.

Avvaliga ularga global va lokal shakllar to’g’ri keladigan rasmlar ko’rsatiladi (yuqoridagi rasm). Unda bilingual va monolingual guruhlar teng bir xil natija ko’rsatishadi. Keyin esa, ikkala guruhga lokal va global rasmlar ikki xil shaklda bo’lgan rasmlar ko’rsatiladi (pastdagi ikki rasm). Bunday vazifada tez va aniq bo’lish uchun chalg’ituvchi shakllarga e’tibor qaratmaslik, fokusni lokal shakllardan global shakllarga o’zgartirish va operativ xotira muhim – bu ayni biz yuqorida qayd etgan boshqaruv tizimining komponentlaridir. Shuning hisobiga, bilingual bolalar monolingual bolalarga qaraganda ancha tez va aniq bo’lishgan.
Ikkinchi tadqiqotda bolalar visual va audio ko’nikmalari sinaladi. Bunda, 8 yoshgacha bo’lgan 30ta monolingual va 30ta bilingual bolalar o’rtasida uchta mashg’ulot o’tkaziladi. Birinchi bosqichda, rasmlar orqali rasmdagi obyekt yovvoyi hayvon yoki musiqa instrumenti ekanligini aniqlash, ikkinchi bosqichda tovush orqali ovoz hayvon yoki instrumentligini aniqlash, uchinchi bosqichda esa parallel ravishda rasm va audio hayvon yoki musiqa instrumentiga tegishli ekanligini aniqlash. Birinchi va ikkinchi bosqichlarda, ikkala taraf ham teng ko’rsatkichlar qayd etdi lekin uchinchi bosqichda bilingual bolalar monolingual tengdoshlaridan ancha o’zib ketdi, ayniqsa rasmli savollarda.
So’nggi tadqiqot esa, hammaga mashhur Stroop testi edi. Unda bolalar avvaliga shunchaki so’zlarni o’qiydi, keyingisida esa ranglarning nomlarini so’nggi bosqichda esa rang va so’zlar ikki xil qilib beriladi, va ularni chalkashtirmasdan javob berish so’raladi. Bu tadqiqotda ham birinchi ikki bosqichda teng ko’rsatkichlar lekin uchinchi bosqichda yana bilinguallarning yaqqol ustunligi.

Uchchala tadqiqotdan olingan xulosa shuki bilingual bolalar bu tizimni muntazam ravishda ishlatishi oqibatida monolingual bolalarga nisbatan tez va mustahkam kuchaytiradi. Bunga asosiy sabab ular ikkita tilda so’zlasha olishi, va matnga qarab ayni bitta tildagi ma’lum so’zlarni topib ishlatishi, ikkinchi tilni ishlatishdan o’zlarini tiya olish ko’nikmalaridir. Yuqorida aytganimizdek, miyyaning bu tizimi ayni og’zaki bo’lmagan ishlarga ham javob beradi va qaror-qabul qilish, chalg’ituvchi omillarni bloklash, muhim vazifalarga e’tibor qaratishda ayni muhimdir. Masalan, imtixonlar oldi tayyorlanish uchun cafega borasiz, va u yer tabiiyki shovqin lekin siz tashqi shovqinni bloklab, faqat o’quv materiallari va imtixonga tayyorgalikka bor fokusingizni qaratganingizda ayni shu tizim ishlayotgan bo’ladi.
Bilinguallikning afzalligi faqatgina shu emas, aksincha u uzoq yillar va hattoki butun umr davomida yordam beradi. Xususan, insonlarning yoshi o’tgani sari kognitiv buzilish va pasayishlar kuzatiladi, bu demensiya, alsgeymer va bir qancha boshqa kasalliklarga sabab bo’ladi. Ayni shunday davrda, kognitiv zahira muhim. Kognitiv zahira bu miyyaning ma’lum kasallikka nisbatan chidamliligi. Kognitiv zahira barqaror aqliy faoliyat orqali shakllanadi va odamlarga ma’lum kasalliklarga uchraganda kutilgandan yaxshiroq ishlashga imkon beradi. Ta’lim, doimiy jismoniy harakat, vaqtida dam olish, ijtimoiy faollik kabi foydali mashg’ulotlar bunday zahirani shakllantiradi.
Bilinguallik yuqorida aytganimizdek doimiy ravishda to’g’ri til va so’zni kontekstga mos ravishda ishlatish uchun boshqaruv tizimidan foydalanadi. Bunday muntazam foydalanish kongitiv zahirani oshiradi.
Kognitiv zahira agar yoshga bog’liq kognitiv buzilish va pasayishlarda (alsgeymer, demensiya, va hkz) muhim bo’lsa, va u bilinguallarda kuchli bo’lsa demak bilinguallar bunday kasallik simptomlarini kechroq o’zida namoyish qilish kerak. Buni aniqlash uchun tadqiqotlarga qarashimiz zarur. Birinchi tadqiqot, 2007 yilda o’tkazilgan bo’lib, unda 91 monolingual va 93 bilinguallar ishtirok etishgan. Ishtirokchilarning uchdan ikki qismida alsgeymer kasalligi mavjud bo’lgan. Monolinguallar o’rtacha 12.4 yil, bilinguallar bo’lsa o’rtacha 10.8 yillik ta’lim olish tarjibasiga ega (maktab, universitet va hokazo). Ta’lim darajasidagi farqlarga qaraydigan bo’lsak, monolinguallar bilinguallarga nisbatan kechroq kognitiv pasayishlarni boshdan kechirishi kerak lekin bilinguallar o’rtacha 75.5 yoshda, monolinguallar esa 71.4 yoshda ilk kasallik simptomlarini ko’rsata boshlashgan. Orada 4.1 yillik farq garchi ta’lim olish yillari monolinguallarda ko’proq bo’lsa ham. Ikkinchi huddi shunday tadqiqot 2010 yilda o’tkazilgan, va undagi farq 5.1 yil bo’lgan, yana bilinguallar kasalikka kechroq chalinishgan. 2012 yildagi tadqiqotlarda, bir xil xolatdagi monolingual va bilingual alsgeymer kasallikiga chalingan bemorlar o’rtasida bilinguallar yaxshiroq holatda bo’lgan. Bunga sabab ularning miyyasi sog’lomroq ekanligi emas balki ularda kognitiv zahira kuchliroq ekanligi tufayli bo’lgan.
Xulosa shundayki, bilinguallar umrining ohirgi qismida ham yaxshiroq kognitiv ko’rsatkichlar amalga oshirishgan va monolinguallarga nisbatan sog’lomroq bo’lishgan.
Yuqorida ko’rganimizdek bilnguallikning bir qancha afzalliklari mavjud lekin bilinguallikning zaif yoki kuchsiz tomonlari ham mavjud. Birinchidan, ular monolingual tengdoshlariga nisbatan ikkala tilda ham kamroq lug’at boyligiga ega bo’ladi, va mos so’zlarni eslashda sekinroq harakat qiladi. Ularning og’zaki ravonligi ham kuchli emas, aksincha ular ikkala tilda ham chuqur mahoratga ega bo’lolmaydi, hususan to’g’ridan-to’g’ri tarjima qilinmaydigan iboralarda ular oqsoqlik qiladi. Har narsada bo’lganidek, bilinguallikda ham o’zining kamchilik va nuqsonlari mavjud.
Bu nuqsonlarni iloji boricha bartaraf qilish uchun olimlar bir qancha maslahatlar beradi. Ikki tillik muhitda tillar ikkiga bo’linadi, asosiy til (major) – asosan jamiyat orasida, maktabda, tengdoshlar bilan gaplashganda ishlatiladi va kichik, ikkinchi darajali til (minor) – oila davrasida, tor doirada yoki ota-onadan biri bilan gaplashish uchun ishlatiladigan til. Buni Birtaniya, Qo’shma Shtatlar yoki Yevropada yashaydigan turli millat birinchi avlod immigrantlari orasida kuzatishimiz mumkin. Hususan, Britaniyadagi o’zbek oilalari va ularning farzandlari, hind oilalari va ularning farzandlari yoki xitoylik oilalar va ularning farzandlari misolida yaqqol kuzatishi mumkin. Bu kabi oilalar farzandining asosiy tili – bu ingliz tili, oilasi orasida ishlatiladgan til esa bu – hind, o’zbek yoki xitoy tili. Bunday vaziyatlarda, bolaning yoshlik chog’larida asosan kichik tilni rivojlanitirshga urg’u berish maslahat beriladi chunki agar bu til yoshlikda mustahkam o’rgatilmasa, yosh o’tgan sari unutish ehtimoli oshadi. Bu uchun turli xil strategiyalar qo’llash mumkin, masalan oila davrasida faqat kichik tilda gaplashish, uyda faqat shu tilda gaplashish yoki ayni hafta kunlarida shu tilda gaplashish kabi yo’llar ishlatilishi mumkin. Bundan tashqari, miqdor va sifat juda muhim. Bola qanchalik ko’p bu tilni ishlatsa, unda lug’at darajasi shuncha oshadi va tilning yo’qotish ehtimoli kamayadi. Lekin bu passiv ravishda Yutub, televizor yoki shu kabi vositalardan kelmasligi kerak chunki bunday vositalarda asosan sayoz lug’at darajasi ishlatiladi va bu bolaning lug’at darajasini boyitmaydi. U bilan doimiy muloqot qilish, turli iboralarni o’rgatish eng samarali yechim deb bilinadi. So’nggi maslahat shundan iboratki, ota-onalar bolalari chalg’imasligi uchun ikki tillik muhitda ketma-ket tillarni (masalan, avval ingliz tili keyin hind tili yoki aksi) o’rgatish afzal deb o’ylaydi. Lekin tadqiqotlar aksini ko’rsatadi. Parallel ravishda ikki tilni o’rganish bolada aksentning yaxshi chiqishligi, ko’proq lug’at boyli va grammatik aniqlikni ko’rsatadi. Ketma-ket o’rgatishda esa bolada ikkinchi o’rgatilgan tilda aksent, grammatika va lug’at bilan bog’liq kamchiliklar yuzaga chiqadi. Shu sababdan ikkala til parallel ravishda o’rgatish ikkala tilni ham mustahkam egallash ehtimolligini oshiradi.
Xulosa qilish uchun shuni aytishimiz mumkinki, bilingual muhitda tarbiyalanishning afzaliklarini asosan miyyaning tez ishlashi, konfliktlarni to’g’ri boshqari, yaxshiroq qarorlar qabul qilish, va uzoq muddatda turli xil kasalliklarga bardoshliligida ko’rishimiz mumkin. Shuningdek, ayni bir tilda ravon gapira olmaslik, sayoz lug’at va til boyligiga ega bo’lish kabi kamchiliklarni ham o’z ichiga oladi.
Manbalar:
- Byers-Heinlein, Krista, and Casey Lew-Williams. “Bilingualism in the early years: What the science says.” LEARNing landscapes 7, no. 1 (2013): 95.
- Dentella, Vittoria, Camilla Masullo, and Evelina Leivada. “Bilingual disadvantages are systematically compensated by bilingual advantages across tasks and populations.” Scientific reports 14, no. 1 (2024): 2107.