Har bir madaniyatning o‘z tasalli beruvchi taomi bor. Indoneziyada bu bug‘lanib turgan bir kosa soto ayam bo‘lishi mumkin. AQShda sersuv burger, Italiyada esa oilaviy dasturxon atrofida baham ko‘rilgan bir likopcha pasta bo‘lishi mumkin. Yuzaki qaraganda, oziq-ovqat tana uchun yoqilg‘i va ozuqa hisoblanadi. Ammo sinchiklab qarasak, biz iste’mol qiladigan narsalar hech qachon faqat ovqatlanish emasligi ma’lum bo‘ladi. Bu qudrat, shaxsiyat va mansublik haqidadir.
Asrlar davomida oziq-ovqat kimligimizni ko‘rsatuvchi belgi bo‘lib kelgan. Ijtimoiy sinf, jins va millat likopchalarimizda o‘z aksini topgan. Masalan, qizil go‘sht uzoq vaqtdan beri ko‘plab G‘arb jamiyatlarida boylik va erkaklik bilan bog‘langan. Salat o‘rniga bifshteks buyuradigan erkak nafaqat ovqatlanish tartibini tanlaydi, balki kuch va erkaklikning madaniy qolipini namoyish etadi. Boshqa tomondan, yengilroq taomlar, sabzavotlar va parhezlar tarixan ayollarga xos deb hisoblanib, nafsini tiyish va noziklikni anglatgan.
Oshxonada mustamlakachilik tarixi ham saqlanib qolgan. Bir vaqtlar ekspluatatsiya va qullik bilan bog‘liq bo‘lgan hashamatli mahsulotlar – qahva, shokolad va shakarning qanday qilib kundalik iste’mol mahsulotlariga aylanganini o‘ylab ko‘ring. Ularning dunyo bo‘ylab ommaviyligi ham madaniy o‘zlashtirilish, ham iqtisodiy tengsizlikning natijasidir. Hatto bugungi kunda ham G‘arbiy Afrikada kakao dukkaklarini teradigan ishchilar ko‘p million dollarlik shokolad kompaniyalari keltiradigan foyda hisobiga yashaydilar. Shunday qilib, shokolad iste’mol qilish, biz tan olishimiz yoki olmasligimizdan qat’i nazar, munosabatlar zanjirida ishtirok etishdir.
Oziq-ovqat qarshilik vositasi sifatida ham xizmat qilishi mumkin. Chetlashtirilgan guruhlar an’anaviy retseptlarni qayta o‘zlashtirganda, ular yoppasiga bir xillashishga qarshi madaniy g‘ururni namoyon qiladilar. Veganlik ba’zilar uchun nafaqat salomatlik, balki erkaklik, atrof-muhitni buzish va hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan sanoat go‘sht tizimlarini rad etish usulidir. Shu bilan birga, mahalliy jamoalar ko‘pincha ajdodlarning oziq-ovqat an’analarini himoya qilish uchun kurashadi, o‘zlarini yer, fasllar va ma’naviy amaliyotlar bilan bog‘laydi. Har bir holatda oziq-ovqat bayonotga aylanadi: bu bizning kimligimiz va biz nimalarni qadrlaymiz. Biroq oziq-ovqat orqali o‘ziga xoslik o‘zgarmas emas, u globallashuv bilan o‘zgarib boradi. Migratsiya, sayohat va ijtimoiy tarmoqlar oshxona chegaralarini xiralashtiradi. Los-Anjelesdagi koreys takosi, Nyu-Yorkdagi ramen burgeri yoki Londondagi sushi burritosi madaniy almashinuv va tijoratlashtirish natijasida yuzaga kelgan aralash shaxsiyatlarni aks ettiradi. Ba’zilar uchun bu qo‘shilish ijodkorlikni ifoda etish imkoniyatini beradi. Boshqalar uchun esa bu o‘zlashtirishga oid xavotirlarni keltirib chiqaradi, bunda milliy taomlar o‘z madaniy ildizlaridan uziladi va foyda olish uchun qayta qadoqlanadi.
Shaxsiy darajada, oziq-ovqat tanlovimiz ko‘pincha o‘zimizni boshqalarga qanday ko‘rsatishimizni belgilaydi. O‘simlik mahsulotlariga asoslangan parhezga rioya qiladigan odam ekologik ongni namoyish qilayotgan bo‘lishi mumkin. 20 $ lik avokado tostini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirayotgan kishi o‘rta sinf salomatlik madaniyatini ko‘z-ko‘z qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bir qozon guruch atrofida to‘plangan oila davomiylik, qarindoshlik va an’anani ifodalaydi. Hatto bizning aybdor lazzatlarimiz – fast foodlar, tez tayyorlanadigan lapshalar, shirin ichimliklar ham qulaylik, yetkazib berish va ba’zan hayot qiyinchiliklari haqida hikoya qiladi.
Xavf shundaki, bu qatlamlarni unutib, oziq-ovqatga betaraf munosabatda bo‘lishlaridir. Siyosatchilar narxni hisobga olmasdan “sog‘lom tanlov” haqida gapirganida, ta’sir o‘tkazuvchilar imtiyozlarni tan olmasdan “to’g’ri ovqatlanish”ni targ‘ib qilganida yoki jamiyat erkaklarni salat yeyishni afzal ko‘rgani uchun masxara qilganida, oziq-ovqat tengsizlik maydoniga aylanadi. Agar oziq-ovqat haqiqatan ham kimligimizni aks ettirsa, unda vazifa bu aks ettirishlarning inklyuziv, hurmatli va adolatli bo‘lishini ta’minlashdir. Bu madaniy an’analarni muvaqqat urf-odatlarga aylantirmasdan hurmat qilish, barcha uchun sog‘lom ovqatlanish imkoniyatini yaratish va erkaklar, ayollar yoki jamoalar nima yeyishi kerakligini nazorat qiluvchi stereotiplarni bartaraf etishni anglatadi.
Eng yaxshi holatda, oziq-ovqat odamlar, joylar va tarixlar o‘rtasidagi ko‘prikdir. U ko‘chish va xotiralar, kurash va omon qolish, nishonlash va hamjamiyat haqida hikoya qiladi. Birgalikda ovqatlanish “Men sizni ko‘ryapman, sizni anglayapman” degan ma’noni anglatadi. Oziq-ovqat eng katta kuchga ega: u bizga shaxsiyat nafaqat shaxsiy, balki yirik hamjihatkini eslatadi.
Translated by: Tojimirzayeva Nilufar
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Beardsworth, A., Bryman, A., Keil, T., Goode, J., Haslam, C., & Lancashire, E. (2002). Ayollar, erkaklar va oziq-ovqat: Oziqlanish munosabatlari va tanlovlari uchun jinsning ahamiyati. Britaniya oziq-ovqat jurnali, 104(7), 470-491. https://doi.org/10.1108/00070700210418767
- Carroll, J. A., Capel, E. M., & Gallegos, D. (2019). “Oddiy avstraliyalik yigit” uchun go‘sht, erkaklik va salomatlik: Sinf, jins va iste’molning ijtimoiy konstruktiv tahlili. Amerika erkaklar salomatligi jurnali, 13(6), 1-11. https://doi.org/10.1177/1557988319885561
- Counihan, C., & Van Esterik, P. (tahrir). (2012). Oziq-ovqat va madaniyat: O‘qish kitobi (3-nashr). Routledge.
- Mintz, S. W. (1985). Shirinlik va kuch: Shakarning zamonaviy tarixdagi o‘rni. Penguin.