Public Health

Sokin bosim: Sog‘lomlik madaniyati ortidagi adolatsizlik

Bu zararsiz ko‘rinadigan shior bilan boshlanadi: “Sog‘lig‘ingizni o‘z qo‘lingizga oling.” Dastlab bu ibora ruhlantiruvchi tuyuladi. U bizga hayotimizni yaxshilaydigan tanlovlarni amalga oshirish imkoniyatimiz borligini uqtiradi. Ammo yuzaki ko‘rinish ostida tinchroq, tashvishli xabar yashiringan: agar siz nosog‘lom bo‘lsangiz, bu butunlay sizning aybingiz.

Bu neoliberal g‘oya sharoitidagi salomatlik madaniyatining paradoksidir. Butun dunyo bo‘ylab odamlar yaxshiroq ovqatlanishga, ko‘proq jismoniy mashq qilishga, meditatsiya bilan shug‘ullanishga va sakkiz soat uxlashga intiladilar, go‘yo bu amaliyotlar keng ijtimoiy dunyodan ajralgan holda mavjuddek. Sog‘lom bo‘lish yuki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaxsning yelkasiga tushadi, sog‘liqni shakllantiradigan tizimli omillar – daromadlar tengsizligi, oziq-ovqat yetishmovchiligi, uzoq ish soatlari va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati esa qulay tarzda e’tibordan chetda qoladi.

Salomatlik madaniyatining yuksalishi neoliberalizmning global tarqalishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi. Bu tizim shaxsiy erkinlik, o‘ziga ishonch va individual mas’uliyatni ustuvor qo‘yadi. Bunday dunyoqarashda yaxshi salomatlik jamoaviy huquq emas, balki shaxsiy yutuq sifatida talqin etiladi. Sog‘lom bo‘lish intizomlilik, oqillik va axloqiy qadr-qimmatni namoyon etish demakdir. Nosog‘lom bo‘lish esa, aksincha, muvaffaqiyatsizlik hisoblanadi.

Bu yondashuv kundalik hayotga singib ketgan. Instagramni varaqlasangiz, “o‘zingizni yaxshilashning besh qadami”ni, sog’liq uchun foydali sharbatlar, yoga mashqlarini va rag‘batlantiruvchi iqtiboslarni taklif qiluvchi son-sanoqsiz ta’sir o‘tkazuvchilarga duch kelasiz. Reklama beruvchilar har bir yurak urishini kuzatadigan  texnologiyani targ‘ib qiladi, go‘yo doimiy o‘z-o‘zini nazorat qilish farovonlikka erishishning eng mukammal yo‘li bo‘lganidek. Sport zallari, qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari, detoks dasturlari va xotirjamlik ilovalarining barchasi faqat o‘zingizga sarmoya kiritsangiz, nihoyat mukammal salomatlik holatiga erishasiz, degan va’da bilan rivojlanmoqda.

Ammo ko‘pchilik uchun bu haqiqatdan yiroq. Fast food, tez tayyor bo’ladigan ovqatlar eng arzon va hammabop variant bo‘lgan hududda yashovchi odam uchun organik mahsulotlarni iste’mol qilish hashamatga aylanadi. Ikkita ish bilan band bo‘lib, dam olishga vaqt topish qiyin bo‘lgan vaziyatda quyosh chiqishidan oldin yoga bilan shug‘ullanish imkonsiz. Shunday bo‘lsa-da, salomatlik madaniyati  tizimli muammo emas, balki shaxsiy ekanligini, agar siz sog‘lom bo‘lmasangiz, shunchaki yetarlicha harakat qilmaganingizni ta’kidlaydi.

Sog‘liqni bunday axloqiylashtirish nafaqat adolatsiz, balki xavfli hamdir. Bu surunkali kasallik, ruhiy salomatlik muammolari yoki nogironlik bilan yashovchilar uchun aybdorlik va uyat hissini keltirib chiqaradi. U odamlarning xavotirlari hisobiga foyda ko‘radigan sohalarni rag‘batlantiradi, asosiy sabablarni bartaraf etish o‘rniga tezkor yechimlarni sotadi. Va bu siyosatchilarni muhimroq masalalarni hal qilishdan chalg‘itadi: oziq-ovqat siyosati, ish joyidagi stress, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi – bularning barchasi jamoat salomatligiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi.

Yechim shaxsiy mas’uliyatdan butunlay voz kechish emas. Tanlovlar muhim ahamiyatga ega. Biroq ularni mavzu doirasida tushunish lozim. Stressni yengish uchun chekadigan zavod ishchisi shaxsiy murabbiy va yangi siqilgan sharbatlar sotib oladigan korporativ rahbar bilan bir xil dunyoda yashamaydi. Buni inkor etish daromad, ta’lim, uy-joy va atrof-muhit kabi salomatlikning ijtimoiy omillarini e’tiborsiz qoldirishdir. Tadqiqotlar bu omillar har qanday individual turmush tarzi tanlovidan ko‘ra farovonlikning kuchliroq bashoratchilari ekanligini izchil ko‘rsatmoqda.

Bizga madaniy o‘zgarish kerak. Sog‘liqni saqlash nafaqat alohida shaxslar, balki hukumatlar, jamoalar va sanoat tarmoqlari ishtirok etadigan umumiy mas’uliyat sifatida qayta talqin etilishi lozim. Jamoat salomatligi kampaniyalari aybdorlik hissini uyg‘otuvchi ro‘yxatlarni targ‘ib qilish o‘rniga tizimli to‘siqlarni ta’kidlashi kerak. Ommaviy axborot vositalari faqat ta’sir o‘tkazuvchilarning sayqallangan hayotini emas, balki salomatlikning turli shakllarini ulug‘lashi lozim. Eng muhimi, siyosat sog‘liqni saqlashning asoslari – to‘yimli oziq-ovqat, toza havo, xavfsiz uy-joy va qulay tibbiy xizmatlar imtiyoz emas, balki huquq sifatida qaralishini ta’minlashi kerak.

O‘sha vaqtga  qadar sokin bosim davom etaveradi. Odamlar o‘z qadr-qimmati salomatliklarini qay darajada boshqara olishlariga bog‘liq deb o‘ylab, charchab qolguncha kaloriyalarni sanashda, qadamlarni kuzatishda va meditatsiya qilishda davom etadilar. Jamiyat esa salomatlikni ko‘pchilik uchun yuk qilib qo‘yayotgan tizimli tengsizliklardan ko‘z yumishni davom ettiradi.

Translated by : Tojimirzayeva Nilufar

Foydalanilgan manbalar:

  • Crawford, R. (1980). Salomatlik va kundalik hayotning tibbiylashuvi. Xalqaro sog‘liqni saqlash xizmatlari jurnali, 10(3), 365-388. https://doi.org/10.2190/3H2H-3XJN-3KAY-G9NY
  • Lupton, D. (1999). Risk va sotsiomadaniy nazariya: Yangi yo‘nalishlar va istiqbollar. Cambridge University Press.
  • McDonald, D. va Braun, V. (2022). Erkaklar salomatligi, neoliberalizm va salomatlik: tanqidiy nuqtai nazar. Ijtimoiy nazariya va salomatlik, 20(3), 239-258. https://doi.org/10.1057/s41285-021-00172-1
  • Scott, S. (2020). Salomatlik siyosati: Neoliberalizm va sog‘liqni saqlashning axloqiy imperativ. Sog‘liqni saqlash siyosati, siyosat va huquq jurnali, 45(5), 839-862

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *