Neuroscience

Autizm: Klinik yordam, ruhiy salomatlik va jamoat salomatligidagi chaqiriqlar

Autizm nima?

Autizm, shuningdek Autizm spektri buzilishi (ASB) deb ham ataladigan, insonning muloqot qilish, o‘rganish, tajriba orttirish va dunyo bilan o‘zaro munosabatiga ta’sir etuvchi rivojlanish holatidir. Autizmga chalinish ko‘pincha dunyoni idrok etish va u bilan o‘zaro aloqada bo‘lishning o‘ziga xos usuli sifatida tavsiflanadi. Bu shuni anglatadiki, siz narsalarni his qilishingiz va ularga autizm bilan og’rimagan odamlarga qaraganda boshqacha munosabat bildirishingiz mumkin. Kundalik shovqinlar haddan tashqari kuchli yoki hatto og‘riqli tuyulishi, yorqin chiroqlarga chidash qiyin bo‘lishi mumkin.

Autizm – bu spektr

Keling, spektr so‘zi nimani anglatishiga oydinlik kiritaylik. Autizm bilan chalingan odamlar bir xil shaxsiy xususiyatlarga ega emas. Bu shuni anglatadiki, qo‘llab-quvvatlash uchun hammaga mos keladigan yagona yondashuv yo‘q. Ba’zi odamlarga muloqot qilishda, o‘rganishda yoki kundalik faoliyatida doimiy yordam kerak bo‘lsa, boshqalari mustaqil yashasada, ijtimoiy muloqot yoki sezish bilan bog’liq muammolarga duch keladi.

Qancha odam autizm bilan chalingan?

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har 100 nafar boladan bittasi autizm bilan og’rigan, ammo bu ko‘rsatkich tadqiqotlar va mintaqalarga qarab farq qiladi. Buyuk Britaniyaning o‘zida 8 yoshli bolalarning har 31 nafaridan biri (3,2%) autizmga chalinganligi aniqlangan, kattalar orasida esa bu ko‘rsatkich aynan 2,2% ni tashkil etadi. Bu autizmni nafaqat tibbiy holat, balki jamoat salomatligi va ijtimoiy muammoga aylantiradi.

Erta tashxis va klinik yordam

Autizm qanchalik erta aniqlansa, samarali yordam olish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Erta tashxis qo‘yish bolalarga muloqot, o‘rganish va ijtimoiy ko‘nikmalarni yaxshilaydigan terapiyalardan foydalanish imkonini beradi. Ammo autizmni erta aniqlash har doim ham oson emas. Belgilar asta-sekin paydo bo‘lishi va boladan bolaga farq qilishi mumkin. Ba’zan uni uyatchanlik va qaysarlik bilan adashtirib yuborishadi.

Autizmning ba’zi keng tarqalgan erta belgilariga quyidagilar kiradi:

  1. Ko‘z bilan aloqaning cheklanganligi yoki yo‘qligi.
  2. Nutqning kechikishi yoki tildan foydalanishda qiyinchilik.
  3. Qo‘llarni silkitish yoki qaltirash kabi takroriy harakatlar.
  4. Ayrim tovushlar, fakturalar yoki yorug‘liklarga kuchli reaksiyalar.
  5. Boshqa bolalar bilan o‘ynashdan ko‘ra yolg‘iz o‘ynashni afzal ko‘rish.

Erta yoshdagi bolalarda ASDni baholashda diagnostika vositalari ikkita asosiy ma’lumot manbaiga tayanadi:

  • Ota-onalar yoki g‘amxo‘rlarning farzandining rivojlanishi haqidagi tavsiflari.
  • Mutaxassisning bolaning xulq-atvorini kuzatishi.

Ba’zi hollarda, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatuvchi shifokor bolani va uning oilasini qo‘shimcha baholash va tashxis qo‘yish uchun mutaxassisga yo‘llashi mumkin. Bunday mutaxassislarga neyrorivojlanish pediatrlari, bolaning xulq-atvorlarini yaxshilashga yo’naltirilgan pediatrlar, bolalar nevrologlari, genetiklar va baholash xizmatlarini ko‘rsatuvchi erta aralashuv dasturlari kiradi. Biroq, oilalar rasmiy baholanishni oylab, hatto yillab kutishadi. Mutaxassislar kam bo‘lgan joylarda bu kechikishlar yanada cho‘zilishi mumkin. Bunday holat ko’p vaqtga cho’zilganligi sababli ko‘plab bolalarga erta yordam ko’rsata olmaslik va muhim imkoniyatlarni boy berishga olib keladi.

Ruhiy salomatlik va hamroh holatlar

Autizm kamdan-kam hollarda yakka o‘zi namoyon bo‘ladi. “Autistica” xayriya tashkiloti (autizmni o‘rganish bo’yicha) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nta autizmli odamdan yettitasida tashvish, depressiya, diqqat yetishmasligi giperaktivlik buzilishi (ADHD) yoki obsessiv-kompulsiv buzilish (OCD) kabi ruhiy salomatlik holati mavjud. Bu qiyinchiliklar autizmning o‘zi kabi kundalik hayotga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, autizmli odamlar autizmli bo‘lmagan odamlarga qaraganda to‘rt baravar ko‘proq depressiyaga chalinadi. Bundan tashqari, tashvish kundalik hayotga chuqur salbiy ta’sir ko‘rsatishi va odamning maktabda, ishda yoki kundalik faoliyatda o‘zini qanday tutishiga ta’sir qilishi mumkin.

Jamoat salomatligi nuqtai nazari

Jamoat salomatligi nuqtai nazaridan autizm – bu butun umrga cho‘ziladigan jarayon. Bolalar ta’lim, ish, turar-joy va sog‘liqni saqlash sohalarida hali ham yordamga muhtoj bo‘lgan kattalar bo‘lib ulg‘ayadi. Shunga qaramay, ko‘plab xizmatlar o‘smirlik davrida to‘xtab qoladi, bu esa bo‘shliqlarni to‘ldirish vazifasini oilalarga yuklaydi. Global tafovutlar keskin tus olgan bo’lib, yuqori daromadli mamlakatlar bemorlarni parvarishlash bo’yicha erta skrining, ixtisoslashgan klinikalar tarmoqlariga ega. Past va o‘rta daromadli mamlakatlarda esa ko‘pincha oddiy diagnostika xizmatlari ham mavjud emas. Natijada, ko‘plab autizmli odamlarga to’g’ri tashxis qo‘yilmaydi va ular davolanolmaydi.

Autizmli odamlar autizmli bo‘lmagan odamlardan ko‘p jihatdan farq qilishi mumkin. Ular suhbatlarni boshlash yoki tana tilini tushunish kabi ijtimoiy muloqotda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Ular tovushlar, yorug‘liklar yoki fakturalarni yanada kuchliroq idrok etishi mumkin, bu esa gavjum muhitlarda ortiqcha sezgirlikga olib keladi. Ko‘pchilik, shuningdek, tartibni afzal ko‘radi va to‘satdan o‘zgarishlardan stress holatiga tushishi mumkin. Shu bilan birga, autizmli odamlar tafsilotlarga kuchli e’tibor berishlari, muammolarni hal qilishning noyob ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari yoki o‘zlarini qiziqtirgan sohalarda chuqur bilimga ega bo‘lishlari mumkin.

Autizm ham genetik, ham atrof-muhit omillarining ta’sirida rivojlanadi. Genetika bu borada muhim rol o‘ynaydi: tadqiqotlar ko‘rsatishicha, autizm xavfining 50% dan 80% gachasi irsiy xususiyatlarga bog‘liq. Aka-uka yoki opa-singilda autizm bo‘lsa, boshqalarda ham paydo bo‘lish ehtimoli sezilarli darajada ortadi. Bir tuxumli egizaklarda esa bu ehtimollik ayniqsa yuqori. Shu bilan birga, ba’zi ota-onaga xos omillar ham bolalarda autizm xavfini oshirishi mumkin. Ota-onalarning katta yoshi, ular o‘rtasidagi katta yosh farqi yoki keksa otalardagi yangi genetik o‘zgarishlar yuqori xavf bilan bog‘liq. Homiladorlik paytida onaning sog‘lig‘i ham muhim ahamiyatga ega: semizlik, qandli diabet yoki yuqumli kasalliklar, shuningdek, zaharli moddalar, atrof-muhit iflosligi yoki ayrim kimyoviy moddalarga ta’sirlanish autizm ehtimolini oshiradi.

Bunday vaziyatda hukumatlar erta profilaktika dasturlarini moliyalashtirish, o‘qituvchilarni tayyorlash va tabaqalashtirishni kamaytirishga yordam beradigan terapiya usullari uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali o‘z vazifasini bajarishi lozim. Ota-onalar uchun o‘quv seminarlari va tengdoshlarni qo‘llab-quvvatlash guruhlari kabi jamiyatga asoslangan dasturlar ko‘pincha kundalik hayotga eng katta ta’sir ko‘rsatadi.

Xulosa

Autizm shunchaki tashxis emas. U oilalar, maktablar, ish joylari va butun jamiyatga ta’sir qiladigan hayotiy voqelikdir. Autizmni tushunish uchun ham tibbiy bilim, ham ijtimoiy o‘zgarishlar talab etiladi. Erta tashxis, qulay davolash usullari, ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlash, inklyuziv ta’lim va puxta o‘ylangan davlat siyosati – bularning barchasi muhim. Ammo insoniylik eng ahamiyatli jihatlardan hisoblanadi: hamdardlik, hurmat va neyro xilma-xillik dunyomizni boyitishini tan olishimiz darkor. Autizmga ham tibbiy, ham ijtimoiy nuqtai nazardan qaraganimizda, har bir autizm bilan og’rigan shaxs nafaqat kurashib yashash, balki farovon yashash imkoniyatiga ega bo‘lgan dunyoga yaqinlashamiz.

Edited and translated by Azim Egamberdiyev and Islomjon Izbasarov

Adabiyotlar:

  1. National Autistic Society https://www.autism.org.uk/advice-and-guidance/what-is-autism
  2. WHO https://www.who.int/news-room/fact-sheets/detail/autism-spectrum-disorders
  3. NHS https://www.nhs.uk/conditions/autism/what-is-autism/
  4. Autism Spekas https://www.autismspeaks.org/medical-conditions-associated-autism
  5. PubMed Central ( PMC )The Heritability of Autism Spectrum Disorder – PMC

One thought on “Autizm: Klinik yordam, ruhiy salomatlik va jamoat salomatligidagi chaqiriqlar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *