Amigdala*ngiz (corpus amygdaloideum) qanday qilib xavf signali tizimiga aylanadi, xotirangiz nima uchun parollarni unutadi va buning oldini olish uchun nima qilish mumkin.
Stress chaqirilmagan mehmondek kirib kelganda
Tasavvur qiling: miyangiz gavjum kompaniyaning bosh direktori. Yaxshi kunlarda uchrashuvlar o‘z vaqtida o‘tadi, xatlarga javob beriladi va hammada yetarlicha energiya bor. Keyin stress haddan tashqari hayajonli amaliyotchidek bostirib keladi. Birdan “kompaniya” tartibsizlikka tushadi. Stress aynan shunday qiladi – u miyangizni egallab olib, ketishni xohlamaydi.
Vahima holatining nevrologiyasi
Stress boshlanganda, amigdala (ichki xavf signal tizimi) favqulotda ogohlantirishlar yuboradi. Gipotalamus esa tanangizni stress gormoni – kortizol bilan to‘ldiradi. Kortizol foydali: u sizga sherdan qochishga yoki taqdimotni a’lo darajada o‘tkazishga tayyorlaydi. Ammo muammo shundaki, miyangiz “Maktabga kech qolyapman” va “Mehmonxonada haqiqiy yo‘lbars bor” o‘rtasidagi farqni ajrata olmaydi. Qanday bo‘lmasin, tizimingiz haddan tashqari ishlashga tushadi.
Qisqa muddat uchun stress kuch-quvvat berishi mumkin. Ammo u uzoq davom etsa, kortizol gippokamp*ga (xotira markazi) zarar yetkazadi va peshana oldi postlog’ini (mantiqiy fikrlash qismi) zaiflashtiradi. Birdan kalitlaringizni topa olmaysiz, do‘stlaringizga baqirasiz yoki butun boshli pitsani o‘zingiz sezmagan holda yeb qo‘yasiz.
Surunkali stress: signal tinmay chalinganda
Stress tutun detektoriga o‘xshaydi. Haqiqiy xavf paytida, u hayotni qutqaruvchi. Lekin har safar tost tayyorlaganingizda chinqirsa, chidab bo‘lmaydi. Surunkali stress – bu hech qachon to‘xtamaydigan signal. U miyangiz holdan toyguncha jiringlab turaveradi.
Tibbiyot talabasi Emmani olaylik. Dastlab u bosim ostida yaxshi ishlardi. Ammo imtihonlar, shifoxonadagi navbatchiliklar va uyqusiz tunlar to‘planib borgach, u ohirgi nuqtaga yetdi. Mayda tafsilotlarni unutar, o‘ziga shubha qilar va toliqib qolardi. Emmaning holati noyob emas – bu nevrologiya qonuniyati. Surunkali kortizol ta’siri miyani qayta dasturlaydi, xotirjamlikni qiyinlashtiradi va tashvishlanishni osonlashtiradi.
Zamonaviy muammolar, qadimiy miyamiz
Kinoyali tomoni shundaki: bugungi aksariyat stressorlar hayot-mamot masalasi emas. Arslonlar o‘rniga biz Wi-Fi uzilishlari, yo‘llardagi tirbandliklar va tekinxo‘rlar bilan guruh loyihalarida kurashyapmiz. Ammo tosh asri miyamiz hamon hayot xavf ostida deb o‘ylaydi. Shuning uchun ham boshlig‘ingiz “Gaplashib olishimiz kerak” deb xat yozganda yoki Netflix eng qiziq joyda to‘xtab qolganda, yuragingiz gupillab uradi. Evolutsiya bizga omon qolish dasturini bergan, ammo zamonaviy yangilanishni o‘rnatmagan.
Neyronlaringizga qanday dam berish kerak
Yaxshi xabar shuki, miyangiz halok bo‘lishga mahkum emas. Neyroplastiklik tufayli u stressdan so‘ng qayta tiklanishi, sog‘ayishi va hatto kuchayishi mumkin. Ba’zi ilmiy asoslangan usullar:
Jismoniy mashqlar – Kislorod oqimini kuchaytiradi va gippokampda yangi neyronlar o‘sishini ta’minlaydi.
Uyqu – Miya toksinlarini tozalaydi va aqliy yangilanishni amalga oshiradi.
Ongli xotirjamlik – Amigdalaning ortiqcha reaksiyasini kamaytiradi, xavf signali tizimini tinchlantiradi.
Kulgi – Hatto sifatsiz hazillar ham stressga qarshi kurashuvchi endorfinlar chiqaradi.
Sevimli mashg‘ulotlar – Rasm chizish, kundalik yuritish yoki hatto sevimli Formula-1 jamoangizni qo’llab-quvvatlash – bularning barchasi miyaga hamma narsa shoshilinch holatda emasligini eslatadi.
Yakuniy so‘z: Bosh direktorni ishdan bo‘shatmang
Stress muqarrar. U bizni qisqa muddatda chiniqtiradi, ammo uzoq davom etsa, zarar keltiradi. Asl mahorat – muvozanatni saqlashda. Miyangiz kuchsiz emas – u chidamli, moslashuvchan va yaxshi tiklanadi.
Shuning uchun keyingi safar hayotingiz og‘irlashganda, neyronlaringiz charchab qolishiga yo‘l qo‘ymang. Ularga dam bering: xoh bu bog‘da sayr qilish bo‘lsin, xoh to‘yib uxlash yoki aybdorlik hissisiz mushuk videolarini tomosha qilish. Chunki oxir-oqibat, dam olgan miya nafaqat baxtliroq, balki aqlliroq ham bo‘ladi.
Tushunarsiz so’zlar ta’rifi:
1. Amygdala- His-tuyg’ularni, ayniqsa qo’rquv va havotirni qayta ishlash vazifasini bajaruvchi bosh miyaning tepa qismida ( temporal lobe) joylashgan bodomcha shaklidagi tuzilma.
2. Gippokamp ( eng. hippocampus) – bu o’rganish, xotirani shakllantirish hamda mo’ljal olishda muhim ahamiyat kasb etadigan, dengiz otchasi shakliga ega bo’lgan miyyaning kichik strukturrasi.
Edited by: Tojimirzayeva Nilufar
Foydalanilgan manbalar:
- McEwen, B. S., Morrison, J. H. (2016). Stress ostidagi miya: umr davomida prefrontal korteksning zaifligi va plastikligi. PMC4684432
- Lupien, S. J. va boshq. (2009). Stressning umr davomida miyaga, xulq-atvorga va kognitiv qobiliyatlarga ta’siri. PMC2746750
- Sapolsky, R. M. (2000). Neyropsixiatrik kasalliklarda glyukokortikoidlar va gippokamp atrofiyasi. Nature
- Czeh, B. va boshq. (2002). Surunkali stress gippokamp hajmini va neyroplastiklikni kamaytiradi, ammo tiklanish mumkin. PubMed
- Surunkali stress. (n.d.). Vikipediya. Havola
- Ratey, J. (2008). Spark: Jismoniy mashqlar va miya haqidagi inqilobiy yangi fan. Little, Brown.