Neuroscience

Mashqlar miyangizni qanday mustahkamlaydi?

Jismoniy faollik kognitiv va ruhiy salomatlikni har tomonlama yaxshilaydi. Mana nima uchun va qanday qilib undan foydalanish mumkin.

Niderlandiyada o‘sgan Henriette van Praag doimo faol bo‘lib, sport bilan shug‘ullangan va har kuni maktabga velosipedda borgan. 1990-yillarning oxirida, San-Diegodagi Salk biologik tadqiqotlar institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlayotganida, u jismoniy mashqlar voyaga yetgan sichqonlarda yangi miya hujayralarining o‘sishini rag‘batlantirishini aniqladi. Shundan so‘ng uning sportga bo‘lgan munosabati o‘zgardi.

“Men bunga jiddiyroq qarashni boshladim,” deydi hozirda Florida Atlantika universitetining biotibbiyot fanlari bo‘yicha dotsenti doktor van Praag. Bugungi kunda u haftasiga bir necha kun krossfit bilan shug‘ullanadi va besh-olti mil yuguradi.

Jismoniy mashqlar katta yoshli odamlarda yangi neyronlarning o‘sishiga olib kelishi mumkinligi hali ham munozarali masala. Ammo buning iloji bo‘lmasa ham, jismoniy faollik miyangiz uchun juda foydali bo‘lib, ko‘plab hujayraviy o‘zgarishlar orqali kayfiyat va idrokni yaxshilaydi, deydi doktor van Praag.

Aniq foydalari nimalardan iborat?

Mashqlar qisqa muddatli bilish qobiliyatini oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, jismoniy faollikdan so‘ng darhol odamlar operativ xotira va boshqa ijro funksiyalari testlarini yaxshiroq bajaradilar. Bu qisman harakat miyada neyrotransmitterlar, xususan, epinefrin (yurak urishi, qon oqimi va energiyani oshiradigan, adrenalin deb ham ataladigan gormon) va norepinefrin (tetiklik, diqqatni jamlash va qon bosimini nazorat qilishga yordam beradigan gormon) ajralishini oshirishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Biroq, vaqt o‘tishi bilan muntazam ravishda mashq qilganimizda, miyaning afzalliklari yanada yaqqol namoyon bo‘la boshlaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, haftada bir necha marta mashq qiladigan odamlarda o‘rtacha kognitiv test natijalari kam harakat qiladigan odamlarga qaraganda yuqori. Boshqa tadqiqotlar esa odamning kognitiv qobiliyati bir necha oy davomida yangi aerobik mashqlar dasturida qatnashgandan so‘ng yaxshilanishini aniqlagan.

Jismoniy faollik kayfiyatga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Muntazam ravishda mashq qiladigan odamlar kam harakat qiladigan odamlarga qaraganda ruhiy salomatligi yaxshiroq ekanligini ta’kidlashadi. Jismoniy mashqlar dasturlari odamlarning depressiyasini davolashda samarali bo‘lishi mumkin, shu bois ba’zi psixiatrlar va terapevtlar jismoniy faollikni tavsiya etishadi. Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari tomonidan haftasiga 150 daqiqa o‘rtacha aerob faollik yoki 75 daqiqa kuchli aerob faollik tavsiya etilishi yaxshi mezon hisoblanadi.

Mashqlar bularning barchasini qanday amalga oshiradi?

Bu mushaklardan boshlanadi. Biz mashq qilganimizda, ular qon orqali miyaga yetib boradigan molekulalarni chiqaradi. Ba’zilari, masalan, irisin deb ataladigan gormon “neyroprotektiv” xususiyatlarga ega va jismoniy mashqlarning kognitiv salomatlikka foydasi bilan bog‘liq.

Jismoniy faollikning afzalliklaridan foydalanish uchun yaxshi qon aylanishi zarur. Qolaversa, jismoniy mashqlar qon aylanishini yaxshilaydi va miyada yangi qon tomirlarining o‘sishini rag‘batlantiradi. Gap faqat qon oqimi ko‘payganida emas.  Buning sababi shundaki, mushaklardan kelayotgan signalli molekulalarning miyaga yetib borishi uchun ko‘proq imkoniyat paydo bo‘ladi.

Qon tomirlarining ko‘payishi va neyronlar o‘rtasidagi aloqalar aslida miyaning turli qismlari hajmini oshirishi mumkin. Bu ta’sir, ayniqsa, keksalarda sezilarli bo‘ladi, chunki u yosh o‘tishi bilan miya hajmining kamayishini qoplashi mumkin. Ayniqsa, xotira va kayfiyat uchun muhim bo‘lgan gippokamp ta’sirlanadi. “Biz bilamizki, u yosh o‘tishi bilan kichrayib boradi,” deydi doktor Royg. “Va biz bilamizki, agar muntazam ravishda mashq qilsak, bu pasayishning oldini olishimiz mumkin.”

Miya uchun qaysi mashq eng yaxshi?

Miya salomatligi nuqtayi nazaridan bir mashq ikkinchisidan yaxshiroqmi? Biz bu savolga javobni bilmaymiz, chunki shu paytgacha o‘tkazilgan deyarli barcha tadqiqotlar jismoniy mashqlarning bir shakli – piyoda yurishga qaratilgan. “Ammo yurak urishini tezlashtiradigan boshqa aerobik mashqlar ham xuddi shunday foyda keltirishi mumkin,” deb tushuntiradi Garvard tibbiyot maktabining nevrologiya bo‘yicha yordamchi professori doktor Skott MakGinnis.

Xulosa

Muntazam jismoniy mashqlar tananing boshqa qismlari kabi miyaga ham foyda keltiradi. Har qanday harakat harakatsizlikdan yaxshiroqdir. Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oyiga bir marta bo‘lsa ham mashq qilish foydali, lekin ko‘proq qilish yanada yaxshiroq va boshlash hech qachon kech emas.

Edited by Mashhura Qudratova

Adabiyotlar:

  1. Dana G. Smit https://www.nytimes.com/2024/04/02/well/mind/exercise-mental-health-cognition.html?smid=url-share
  2. Harvard sog‘liqni saqlash nashriyoti: https://www.health.harvard.edu/mind-and-mood/exercise-can-boost-your-memory-and-thinking-skills

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *