Deyarli hamma vaqti-vaqti bilan stressni his qiladi. Imtihon yoki taqdimot oldidan ozgina stress diqqatingizni charxlashi va sizni yaxshiroq ishlashga undashi mumkin. Buning sababi shundaki, stress kichik miqdorda bizning omon qolish tizimimizning bir qismidir. U xavf haqida xabar beradi va bizni harakatga undaydi.
Ammo stress haftalar, oylar yoki hatto yillar davomida yo‘qolmasa nima bo‘ladi? Shunda u miyaning o‘zini qayta shakllantira boshlaydi, fikrlashimiz, eslab qolishimiz va hatto qaror qabul qilishimizga ta’sir ko‘rsatadi. Olimlar stressning bu yashirin ta’sirini o‘rganmoqdalar va natijalar ham qiziqarli, ham biroz tashvishli.
Stress va xotira: nozik muvozanat
Miyangiz ishchi xotiraga, ya’ni kichik ma’lumotlarni vaqtincha saqlash va ulardan foydalanish qobiliyatiga tayanadi. Tasavvur qiling, telefon raqamini o‘qigan zahotiyoq terishga urinasiz. Bu ishchi xotiraning amalda qo‘llanishidir.
Qisqa muddatli stress ba’zan bu tizimni kuchaytirishi mumkin. Masalan, imtihon oldidan “bosim ostida bo‘lish” diqqatni yaxshiroq jamlashga yordam beradi. Ammo surunkali stress – bu butunlay boshqa masala.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq muddatli stress qaror qabul qilish, rejalashtirish va xotira uchun mas’ul bo‘lgan prefrontal korteksdagi miya hujayralari o‘rtasidagi aloqalarni (sinapslarni) qisqartiradi.
Natija nima? Siz o‘zingizni parokanda, unutuvchan va aniq fikrlay olmaydigan his qilasiz. Bu “kuyib bitgan” tuyg‘u shunchaki sizning tasavvuringiz emas, balki miyangiz tuzilishidagi o‘zgarishlardir.
Stress dunyoni eshitish tarzingizni o‘zgartiradi
Surunkali stress nafaqat fikrlaringizni xiralashtiradi, balki sezgilaringizni ham o‘zgartirishi mumkin. Hayvonlar ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq davom etgan stress miyaning tovushni qayta ishlash qobiliyatini susaytiradi.
Bu nima uchun muhim? Chunki miyangiz haddan tashqari yuklanganda, u hayotiy zarur vazifalarni boshqa narsalardan ustun qo‘ya boshlaydi. U kimningdir ovozi ohangidagi nozik tafsilotlarni e’tiborsiz qoldirishi mumkin, bu esa suhbatlarda, o‘rganishda yoki ijtimoiy vaziyatlarda sizni kamroq ziyrak qilib qo‘yadi. Vaqt o‘tishi bilan bu hatto idrok va kayfiyat buzilishlariga olib kelishi mumkin.
Nega ba’zilar odamlar tushkunlikka tushib qoladi, boshqalar esa aksincha tiklana olishadi.
Hech e’tibor berganmisiz, bir xil stress holatida ikki kishi butunlay boshqacha munosabat bildiradi? Biri tashvish yoki tushkunlikka tushadi, ikkinchisi esa xotirjam va diqqatini jamlagan holda qoladi.
Olimlar bu farqning bir qismini miya hujayralari membranalari yuzasida joylashgan CB1 retseptorlari (Kannabinoid Retseptor Turi 1) deb ataladigan maxsus oqsillar bilan bog‘lashdi. Bu retseptorlar neyronlarning kayfiyat va stressni boshqaruvchi neyrotransmitterlarga qanday javob berishini tartibga soladi. CB1 retseptorlari faolroq bo‘lgan odamlar (yoki hayvonlar) chidamliroq bo‘ladi, ya’ni ularning miyasi bosim ostida yaxshiroq moslashadi.
Quvonarlisi shuki, jismoniy faollik, antidepressantlar va hatto sog‘lom turmush tarzini tanlash CB1 retseptorlari faolligini oshirishi mumkin. Bu esa miyamizni stressga chidamliroq bo‘lishga o‘rgatishimiz mumkinligini anglatadi.
Stress miyangizga aslida qanday ta’sir qiladi?
Stressga tushganingizda, miyaning qo‘rquv markazi bo‘lgan amigdala boshqaruvni o‘z qo‘liga oladi. Bu xuddi miyangiz “omon qolish rejimi”ga o‘tib, xotira va oliy tafakkurdan resurslarni uzoqlashtirgandek bo‘ladi. Shuning uchun siz test paytida xotiradan adashasiz yoki janjal-tortishuvdan so‘ng tafsilotlarni unutasiz.
Stress, shuningdek, yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Bu immunitet tizimingizning uzoq muddatli xavf signallariga haddan tashqari reaksiyasidir. Yallig‘lanish qon tomirlarini shikastlaydi, yurakni zo‘riqtiradi va a’zolar faoliyatini izdan chiqaradi. Bemorlar buni bosh og‘rig‘i, ko‘krak qafasida siqilish, ovqat hazm qilish muammolari yoki doimiy charchoq sifatida his qilishlari mumkin. Vaqt o‘tishi bilan bu alomatlar gipertoniya, yurak kasalligi yoki qandli diabet kabi surunkali kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Estrogen va testosteron kabi gormonlar stressga javob berishga ta’sir qiladi. Bu esa erkaklar va ayollar balog‘at yoshi, homiladorlik yoki menopauza davrida stressni turlicha boshdan kechirishlari mumkinligini tushuntiradi.
Xo‘sh, miyamizni stressdan qanday himoya qilamiz?
Ilmiy ma’lumotlar qo‘rqinchli tuyulishi mumkin, lekin ular yechimlarga ham ishora qiladi. Quyida miyangizni himoya qilishning oddiy, ilmiy asoslangan usullari keltirilgan:
- Bashorat qilish imkoniyatini yarating. Bashorat qilish imkoniyati kundalik hayotingizdagi barqarorlik hissini anglatadi. Muntazam dars soatlari yoki ertalabki sayr kabi odatlar shakllantirish noaniqlikni kamaytiradi, bu esa miyaning stressga javobini yengillashtiradi.
- Uyquga ustuvorlik bering. Uyqusizlik stress ostida miyani zaiflashtiradi. Uyqu jadvaliga rioya qiling, tushdan keyin kofein iste’molini kamaytiring va xonangizni qorong‘i va salqin saqlang.
- Tartibga soling. Vazifalaringizni yozib borish stressni kuchaytiradigan aqliy “tartibsizlik”ni kamaytiradi. Aniq reja tinchroq miyaga olib keladi.
- Faol bo‘ling. Jismoniy mashqlar nafaqat qon aylanishini tezlashtiradi, balki endorfinlarni ham ishlab chiqaradi. Bu tabiiy miya kimyoviy moddalari “yaxshi kayfiyat” xabarchisi vazifasini bajaradi. Endorfinlar og‘riqni sezishni kamaytiradi va ijobiy his-tuyg‘ularni qo‘zg‘atib, stressga qarshi turishga yordam beradi.
- Muloqotga kirishing. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chidamlilikni oshiradi. Do‘stlar, ustozlar yoki mutaxassislar bilan suhbatlashish stressni yengilroq boshqarishga yordam beradi.
- Nuqtai nazaringizni o‘zgartiring. Stress har doim ham dushman emas. Maqsad nol stressga erishish emas, balki uning ta’sirida yiqilish o‘rniga javob berishni o‘rganishdir.
Yakuniy fikr
Stress hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib qolaveradi. Biroq ilm-fan shuni ko‘rsatmoqdaki, stressga bo‘lgan munosabatimiz nafaqat ruhiy salomatligimizni, balki miyamiz tuzilishini ham shakllantiradi. Sog‘lom odatlar, to‘liq uyqu, jismoniy faollik, tartib-intizom va atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi orqali siz stressni vayron qiluvchi kuchdan rivojlanish vositasiga aylantira olasiz.
Keyingi safar o‘zingizni bosim ostida his qilganingizda, miyangiz sizni tinglayotganini unutmang. Bugungi kunda qabul qilgan qarorlaringiz uni ertaga yanada bardoshli qilishi mumkin.
Adabiyotlar:
- Harvard Health Publishing. (2021, July 6). Protect your brain from stress. Harvard Health. https://www.health.harvard.edu/mind-and-mood/protect-your-brain-from-stress
- American Brain Foundation. (2025, May 12). The brain and stress. American Brain Foundation. https://www.americanbrainfoundation.org/the-brain-and-stress/
Edited and translated by Mashhura Qudratova and Islomjon Izbasarov
Maqola juda foydali va tushunarli yozilgan. Stressning miyaga ta’siri ilmiy faktlar bilan sodda qilib tushuntirilgani, ayniqsa, amaliy yechimlar berilgani juda yoqdi.
Wow, foydali maqola bo’libdi.
Juda foydali research! Dolzarb muammolar yoritilgan! Barakalla!