Neuroscience

Oqim Holati: Yuqori Natijalarga Erishuvchi Insonlar Miyasidagi Jarayonlar

Kirish

Oqim (inglizchada Flow) – bu inson biror faoliyatga butunlay sho‘ng‘ib ketgan, ong faqat shu ishga jamlangan, tana harakatlari uyg‘unlashgan va vaqt go‘yo boshqacha kechayotgandek tuyuladigan ruhiy holatdir. Bu atamani ilk bor 1970-yillarda mashhur psixolog Mihay Chiksentmihay (Mihaly Csikszentmihalyi) kiritgan. Keyinchalik u pozitiv psixologiya sohasida eng muhim mavzulardan biriga aylandi.

Oqim holati sport, musiqa, san’at, murakkab texnik ishlar va aniqlik talab etadigan boshqa sohalarda kuzatilishi mumkin. Dunyo miqyosidagi sportchilar, konsert musiqachilari, uchuvchi-pilotlar yoki jarrohlar uchun bu faqatgina “yoqimli his” emas. Balki ularning yuqori darajadagi barqaror yutuqlarining, ya’ni cho‘qqi natijalarning asosiy siri hamdir.

Oqim qanday yuz beradi?

Chiksentmihay nazariyasiga ko‘ra, oqim paydo bo‘lishi uchun inson duch kelayotgan vazifa qiyinligi bilan uning qobiliyatlari o‘rtasida muvozanat bo‘lishi kerak.

Agar vazifa juda oson bo‘lsa – zerikish yuz beradi.
Agar vazifa haddan tashqari qiyin bo‘lsa – tashvish, xavotir paydo bo‘ladi.

Oqim holatini belgilovchi asosiy belgilar mavjud: maqsadlarning aniq bo‘lishi, natijani darhol his qilish, to‘liq diqqat, o‘z-o‘zini unutish, vaqt idrokining o‘zgarishi, harakatlar ustidan nazorat hissi, jarayonning o‘zidan zavqlanish, fikr va harakatlarning uyg‘unlashuvi va tashqi chalg‘ituvchilardan xoli bo‘lish.

Elita ijrochilar — sportchilar yoki musiqachilar — bunday muvozanatga erishish uchun yillar davomida mashq qilishadi. Shu sababli ular murakkab vaziyatlarga avtomatik tarzda moslasha olishadi va yuqori darajadagi qiyinchiliklarni ham boshqarishga qodir bo‘lishadi.

Miyada oqim paytida nimalar yuz beradi?

Neyrofan tadqiqotlari oqim holatining miyada turli markazlar hamkorligi natijasida yuz berishini ko‘rsatadi.

  • Prefrontal korteks faoliyati vaqtincha susayadi (bu holat “tranzitor gipofrontalitet” deb ataladi). Natijada odam ortiqcha tahlil qilishni to‘xtatadi, harakatlari esa yanada avtomatiklashadi.
  • Bazal gangliyalar harakat va odatlarni tartibga soladi. Bu esa mahoratlarni ongni ortiqcha band qilmasdan bajarishga yordam beradi.
  • Dofamin tizimi motivatsiyani kuchaytiradi, zavq hissini uyg‘otadi va faoliyatni davom ettirishga undaydi.

EEG apparatlari yordamida o‘tkazilgan tajribalar oqim holatida alfa (diqqatli tinchlanish) va teta (ijodkorlik, xotirani birlashtirish) to‘lqinlari ustun bo‘lishini ko‘rsatgan. fMRI tekshiruvlari esa miya hududlari o‘rtasidagi aloqadorlikning kuchayishini aniqlagan: xususan, diqqatni boshqarish, harakatlarni uyg‘unlashtirish va mukofot hissini boshqaruvchi sohalar faolroq ishlagan.

Oqimga ta’sir qiluvchi omillar

Oqim faqat miya faoliyati bilan bog‘liq emas. Atrof-muhit, motivatsiya va ruhiy tayyorgarlik ham muhim ahamiyatga ega.

Birinchidan, muhit qulay bo‘lishi kerak. Maqsadlar aniq, qoidalar ravshan va chalg‘ituvchi omillar minimal bo‘lganda oqimga kirish osonlashadi.

Ikkinchidan, ichki motivatsiya muhim. Ya’ni odam ishni faqat natija uchun emas, balki jarayonning o‘zidan zavq olish uchun qilishi kerak.

Uchinchidan, ruhiy tayyorgarlik zarur. Bu diqqatni boshqarish, stressni nazorat qilish va uzoq muddat konsentratsiyani saqlash qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Doimiy mashq va tartibli shug‘ullanish miyaga ko‘nikma beradi. Natijada inson qimmatli ruhiy energiyasini ijodkorlik yoki muammoni hal qilishga yo‘naltira oladi.

Oqimni qo‘llab-quvvatlovchi texnologiyalar va usullar

Zamonaviy ilm oqim holatiga erishishni yengillashtirish uchun turli texnologiyalar va ruhiy mashqlarni taklif qilmoqda.

Texnologik yondashuvlardan biri bu transkranial bevosita tok stimulatsiyasi (tDCS) bo‘lib, u miyaning diqqatga mas’ul qismlarini qo‘zg‘atadi. Shuningdek, biofeedback texnologiyasi orqali tananing fiziologik reaksiyalarini kuzatish va boshqarish mumkin.

Ruhiy tayyorgarlikda esa mindfulness — hozirgi onga to‘liq e’tibor qaratish, vizualizatsiya — vazifani oldindan ko‘z oldiga keltirish, hamda nafas mashqlari — jismoniy va ruhiy taranglikni pasaytirish katta ahamiyatga ega.

Texnologiya miyaning holatini tayyorlasa, ruhiy mashqlar insonning psixologik qobiliyatlarini mustahkamlaydi. Bu esa oqim holatini tezroq va samaraliroq his qilishga yordam beradi.

Xulosa

Oqim – bu insonning “optimal zonasi”, unda diqqat, faol ishtirok va samaradorlik mukammal uyg‘unlashadi. Elita ijrochilar uchun oqim ularning odatiy natijasi bilan ajoyib natijasi o‘rtasidagi asosiy farqdir.

Miya mexanizmlaridan tortib atrof-muhit omillarigacha bo‘lgan barcha jihatlarni tushunish murabbiylarga, tadqiqotchilarga va amaliyotchilarga samarali mashg‘ulotlar loyihalashda yordam beradi. To‘g‘ri chaqiriq darajasi, ichki motivatsiya, qo‘llab-quvvatlovchi muhit, zamonaviy texnologiyalar va ruhiy mashqlar uyg‘unlashganda oqim holatiga kirish imkoniyati ortadi. Natijada, yuqori natijalar endi tasodif emas, balki izchil harakat bilan erishish mumkin bo‘lgan haqiqatga aylanadi.

Manba:

  1. Csikszentmihalhi, M. (2020). Finding Flow: The Psychology Of Engagement With Everyday Life. Hachette UK.
  2. Nakamura, J., & Csikszentmihalyi, M. (2001). The Concept of Flow. In C. R. Snyder & S. J. Lopez (Eds.), Handbook of Positive Psychology (p. 0). Oxford University Press. https://doi.org/10.1093/oso/9780195135336.003.0007 
  3. Rogatko, T. P. (2009). The Influence of Flow on Positive Affect in College Students. Journal of Happiness Studies, 10(2), 133–148. https://doi.org/10.1007/s10902-007-9069-y 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *