Neuroscience

Oftalmologiya: Nevrologiya uchun Yangi Qurol

Ko‘z: Dunyoga Faqat Oyna Emas

Tasavvur qiling, siz oftalmolog qabulidasiz. Oddiy ko‘rish tekshiruvi jarayonidasiz – shifokor oldingizga qo‘yilgan jadvaldagi harflarni o‘qishingizni so‘raydi, so‘ngra ko‘zingiz ichidagi bosimni (intraokulyar bosim) o‘lchab, glaukoma (ko‘r bo‘lib qolishga olib keluvchi kasallik) bor-yo‘qligini tekshiradi. Endi tasavvur qiling, shu oddiy ko‘ruv tekshiruvi orqali shifokor sizda Alzheimer kabi og‘ir miya kasalliklari belgilari bor-yo‘qligini, hatto alomatlar paydo bo‘lishidan ancha oldin aniqlashi mumkin bo‘lsa?..

Altsgeymer va Miya

Alzheimer kasalligi – dunyo bo‘yicha 55 milliondan ortiq odamni qamrab olgan demensiyaning (xotira yo‘qolishi, chalkashlik, nutq buzilishi va fikrlash qobiliyatining pasayishi kabi kundalik hayotga ta’sir etuvchi belgilar majmuasi) eng keng tarqalgan sababidir.

“Biz o‘z tadqiqotimizda retinani (ko‘zning to‘r pardasi) o‘rgandik, chunki u bevosita miya bilan bog‘langan. Alzheimer kasalligida miyada yuz beradigan ko‘plab jarayonlar retina orqali ham kuzatilishi mumkin. Shu bois retina kasallik xavfini aniqlashda muhim biomarker bo‘lib xizmat qiladi”, – deydi Yangi Zelandiyaning Otago Universiteti psixologi doktor Eshley Barret-Yang.

Retina: Miya Uchun Oyna

Olimlar retinani “miyaning oynasi” deb atashadi. Chunki retina asab to‘qimasidan tashkil topgan va u to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rish nervi orqali miya bilan bog‘langan.

Alzheimer tadqiqotlarida shifokorlar retina qatlamlarining qalinligi yoki unda oqsil zarralari (masalan, amiloid-beta va tau oqsillari) to‘planishini kuzatishadi. Bu oqsillar aynan xotira yo‘qolgan bemorlarning miyasida ham uchraydi.

Retinal tahlilning afzalligi shundaki, u tez, xavfsiz va miyaning murakkab hamda qimmatbaho rentgen tekshiruvlariga nisbatan arzonroq usul hisoblanadi.

Retinal Tadqiqotlarning Muhim Xulosalari

  • Retina yupqalashishi – miyada asab hujayralari yemirilishi bilan bog‘liq.
  • Retinada amiloid-beta va tau oqsillari to‘planishini aniqlash mumkin.
  • Retina tahlili – invaziv bo‘lmagan, tez va hammaning qo‘li yetadigan usul.
  • Erta tashxis – kognitiv alomatlar (xotira, fikrlashdagi buzilish) paydo bo‘lishidan oldin chora ko‘rishga yordam beradi.

Sun’iy Intellekt va Retinal Tasvirlash

So‘nggi yillarda retinal tasvirlash (ko‘z tubining yuqori aniqlikdagi suratlari) sun’iy intellekt (AI) bilan birgalikda Alzheimerni erta aniqlashda keng qo‘llanilmoqda.

New York Eye Project va AI Life dataset kabi yirik loyihalar chuqur o‘rganish (deep learning) algoritmlaridan foydalanib, retinadagi juda nozik o‘zgarishlarni aniqlaydi. Bu o‘zgarishlar ko‘pincha Alzheimerdagi miya kasalliklariga mos keladi.

Masalan, CORBS AI tizimi inson ko‘zi ilg‘ay olmaydigan mayda naqshlarni ham ko‘ra oladi. Ko‘plab tadqiqotlar natijalari birlashtirilgan meta-tahlillar bu yondashuvlarning ishonchliligini tasdiqlagan.

Shunday qilib, ko‘z miyaning xavfsiz va oddiy “oynasi” sifatida xizmat qilmoqda.

Ko‘z Tekshiruvlarining Yangi O‘rni

Bunday ilmiy yangiliklar yaqin orada oddiy ko‘z tekshiruvlari ikki vazifani bajarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda:

  1. Ko‘rish qobiliyatini baholash.
  2. Alzheimer, Parkinson, Xantington va Amiotrofik lateral skleroz (ALS) kabi og‘ir neyrodegenerativ kasalliklarni erta aniqlash.

Ya’ni oddiy “ko‘zoynak uchun test” kelajakda inson miyasining sog‘lig‘iga oyna bo‘lib, bemorlar uchun erta tashxis va samarali davolash imkonini yaratadi.

Foydalanilgan Manbalar:

  1. Alzheimer’s Association. What Is Alzheimer’s Disease? https://www.alz.org/alzheimers-dementia/what-is-alzheimers
  2. Mayo Clinic. Alzheimer’s Disease – Symptoms and Causes. https://www.mayoclinic.org/diseases-conditions/alzheimers-disease
  3. National Institute on Aging (NIA). What Happens to the Brain in Alzheimer’s Disease. https://www.nia.nih.gov/health/what-happens-brain-alzheimers-disease
  4. Harvard Health Publishing. Alzheimer’s and Dementia: The Brain Connection. https://www.health.harvard.edu/mind-and-mood/alzheimers-and-dementia

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *