Nega ortiqcha ishlashdan ogoh bo‘lishimiz kerak?

Inson miyasi zamonaviy smartfonni eslatadi. U ham to‘g‘ri ishlashi uchun dam olishga, sifatli uyquga va mehnat bilan hayot o‘rtasida muvozanatga muhtoj. Agar biz miyaning imkoniyatidan ortiqcha foydalanishni davom ettirsak, ayniqsa o‘smirlik davrida, u charchay boshlaydi. Ba’zan esa sezilmas darajada, biz kutmagan o‘zgarishlarga yuz tutadi. Bu o‘zgarishlar kelajakdagi salomatligimizga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

Miya haddan tashqari yuklamaga qanday javob qaytaradi?

Miya odatdagidan ko‘ra ko‘proq faoliyat qilganda, u asta-sekin “yonib ketadi”, ya’ni charchashning chuqur shakliga — “burnout”ga duch keladi. Burnout ortiqcha ishlashning asosiy oqibatidir va undan boshqa ko‘plab salbiy holatlar kelib chiqadi.

Bu jarayonni tushunish uchun organizm ichida nimalar sodir bo‘lishiga qarash lozim. Haddan tashqari ishlayotgan odamning hujayra, gormonal va asab tizimlari uzoq vaqt tiklanmasdan zo‘riqib ishlaydi. Gap oddiy charchash haqida emas, balki butun tizimning ishdan chiqishi, organizm o‘zini tiklash quvvatini yo‘qotishi haqida bormoqda. Olimlar buni “metabolik zaxiralarni yo‘qotish” deb atashadi.

Miyaning energiya ishlab chiqaruvchi asosiy manbai — miya hujayralarining mitoxondriyalari. Ular hujayralarda “energiya zavodi” vazifasini bajaradi. Ortiqcha stress paytida mitoxondriyalar oksidlanish zararlari va yallig‘lanish signallari ta’sirida ishdan chiqadi. Natijada energiya ishlab chiqarish sekinlashadi, organizm muvozanatni saqlash va tiklanishda qiyinchilikka duch keladi.

Uzoq vaqt davomida miyaning haddan tashqari yuklanishi oqibatida gormonlar tizimida ham buzilishlar yuz beradi. Kortizol darajasi o‘zgarib, energiya resurslari kamayadi. Burnout har doim ham qayg‘u yoki tushkunlik tarzida namoyon bo‘lmaydi. U ko‘pincha odamning ichki motivatsiyasi pasayishi, hissiy sovuqlashish va dopamin darajasining kamayishi orqali ko‘rinadi. Bunday odamlar oddiy vazifalarni bajarishga ham qiziqmay qoladi, reallikdan uzoqlashadi.

Odamlar qanday qilib haddan tashqari ishlash darajasiga yetib boradi?

Ortiqcha ishlash odatda odamning mehnat hajmi me’yoridan oshib ketganda, juda ko‘p va uzoq vaqt davomida ishlaganda yuz beradi. Bu faqat jismoniy emas, balki aqliy va hissiy charchashni ham o‘z ichiga oladi.

Bugungi kunda odamlar ko‘pincha o‘zlariga juda katta talab qo‘yishadi, juda qisqa muddatlarda bajarilishi imkonsiz bo‘lgan vazifalarni belgilashadi. Ish joyidagi talablar, o‘quvchilarning imtihonlari, talabalar va xodimlarning “kechasi bilan o‘qish yoki ishlash” odati, haftasiga 50 soatdan ortiq ishlash — bularning barchasi miya uchun doimiy yuklama bo‘lib xizmat qiladi. Natijada, odam ongli ravishda ham, ongsiz ravishda ham ishlash va o‘ylash odatini shakllantirib qo‘yadi, go‘yo tanafaus bo‘lmasa ham, miyasi doim faoliyatda bo‘lib qoladi.

Haddan tashqari ishlash qanday sog‘liq muammolariga olib keladi?

Ko‘p ishlash miya tuzilishini ham o‘zgartirishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq vaqt ishlaydigan odamlarning miyasida emotsional boshqaruv va xotira bilan bog‘liq bo‘lgan hududlarda sezilarli farqlar paydo bo‘ladi. Odatdagidan ko‘proq ishlagan odamlarning 17 ta miya sohasi boshqalaridan farq qilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, haftasiga 61 soatdan ko‘proq ishlash arterial bosimni oshirish xavfini kuchaytiradi. Ortiqcha ishlash uyqu vaqtini qisqartiradi, bu esa toliqishga olib keladi. Bunday odatda sog‘lom turmush tarzi ham izdan chiqadi: odam chekishga, spirtli ichimlik iste’mol qilishga moyil bo‘ladi, jismoniy faollik kamayadi.

Nima uchun bu holat xavfli?

Olimlarning o‘zi ham ayrim natijalardan hayratda qolishgan. Ularning tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, uzoq vaqt davomida kuchli stress miyada seziladigan o‘zgarishlarga olib keladi. Ba’zida miyaning ayrim hududlari hajmi kattalashib borishi ham kuzatilgan. Masalan, atlas tahlili deb ataluvchi maxsus MRT usuli haddan tashqari ishlaydigan odamlarda miya peshona qismi — o‘rta frontal girus hajmi odatdagidan 19 foizga kattaroq bo‘lishini ko‘rsatgan.

Bunday o‘zgarishlar jismoniy sog‘liq uchun ham xavfli. Uzoq vaqt davomida mehnat qiladigan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklari, moddalar almashinuvi buzilishi va ruhiy salomatlik muammolari ko‘payadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, haftasiga 55 soatdan ortiq ishlaydigan odamlar insultga uchrash xavfini 35 foizga oshiradi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti esa dunyo bo‘yicha ortiqcha ishlash sabab yiliga 800 mingdan ortiq odam vafot etishini qayd etgan.

Haqiqiy hayotdan misol

53 yoshli biznes tahlilchi Liza Choy o‘zining dastlabki alomatlarini jiddiy qabul qilmagan. U faol turmush tarzini olib borar, tez-tez velosiped minar, yog‘li ovqatlardan tiyilardi. Uning yurak xuruji uchun odatiy bemorga o‘xshamaganini hamma ko‘rardi. Ammo u haftasiga 60 soatlab ishlardi, kechalari ham kompyuter qarshisida o‘tirib loyihalar yuritar, muddatlarni o‘tkazib yubormaslik uchun o‘zini zo‘riqtirardi.

Bir kuni ko‘kragida qattiq og‘riq sezilgach, u shifoxonaga murojaat qildi va yurak arteriyasida yirtilish aniqlanganini eshitdi. Bu kasallik odatda yosh ayollarda uchraydigan kamyob yurak xastaligi edi. Shifokorlar unga angioplastika kerakligini aytishdi, ammo Liza o‘zini “vaqtim yo‘q, ishda migratsiya loyihalari kutib turibdi” deb ovutgan. Shunday misollar bugungi ish hayotimizda tobora ko‘proq uchramoqda.

Ortiqcha ishlashdan qanday saqlanish mumkin?

Ko‘pchilik maslahat sifatida “ko‘proq uxla”, “dam ol”, “meditatsiya qil” deydi. Ammo haqiqiy burnoutga tushib qolgan odam uchun bularning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Chunki muammo chuqurroq — metabolik zaxiralarning tugashida. Shuning uchun insonning ichki dunyosi ham qayta tiklanishi lozim.

Buning uchun avvalo vaqtni to‘g‘ri boshqarish muhim. Vazifalarni tartiblab olish, ortiqcha mayda vazifalarni boshqalarga topshirish, bir vaqtda faqat bitta ishga e’tibor qaratish samarali bo‘ladi. Dam olishni ish jarayoniga qo‘shish, chalg‘ituvchi narsalardan qochish va ish bilan uy hayoti o‘rtasida aniq chegara qo‘yish kerak. Inson o‘zining mehnat chegarasini belgilashi, ta’tilini ishlatishi va sog‘lom dam olish usullarini amaliyotga tatbiq etishi zarur. Ana shundagina ish unumdorligi ham, ruhiy va jismoniy salomatlik ham saqlanadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *